Polsha kompaniyalari O‘zbekistonning meva-sabzavot mahsulotlarini import qilishga qiziqish bildirmoqda
2026-07-08 17:25:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasining Polshadagi elchixonasi ko‘magida Polshaning “Consorfrut Polska Sp. z o.o.” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Muzokaralar davomida O‘zbekistonda yetishtirilayotgan yangi uzilgan meva-sabzavot mahsulotlarini Polsha bozoriga yetkazib berish masalalari muhokama qilindi.
Xorijiy kompaniya vakillari mamlakatimizdan qovun, tarvuz, piyoz, sitrus mevalari hamda boshqa turdagi meva-sabzavot mahsulotlarini import qilishga qiziqish bildirar ekan, ushbu mahsulotlarni muntazam yetkazib bera oladigan mahalliy ishlab chiqaruvchi va eksportyor korxonalar bilan hamkorlik o‘rnatish istagini bildirdi.
Shu munosabat bilan Polsha tomoni eksport salohiyatiga ega korxonalardan tijorat takliflarini kutmoqda. Tijorat taklifida
- mahsulot turi va navi;
- mavsumiy yetkazib berish muddati;
- eksport hajmi;
- narx taklifi;
- qadoqlash turi;
- mavjud xalqaro sertifikatlar (GlobalG.A.P., Organic va boshqalar);
- yetkazib berish shartlari (Incoterms) ko'rsatilishi lozim.
Mazkur hamkorlik O‘zbekiston meva-sabzavot mahsulotlarining Yevropa Ittifoqi bozoridagi ishtirokini kengaytirish, eksport geografiyasini diversifikatsiya qilish hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yangi savdo imkoniyatlarini yaratishga xizmat qiladi.
Polsha bozoriga mahsulotlar eksportini yo'lga qo'yish istagida bo'lgan korxonalar tijorat takliflarini Qo'mitaning Oziq-ovqat nahsulotlariga ko'maklashish bo'limiga taqdim etishlari mumkin.
Murojaat uchun: +998712027776
(ichki raqam 1510)
Mas'ul xodim:
Shoxjahon Xoliqov (@shohkholik)
