Pekinda FAO–CAAS xalqaro seminari o‘z ishini boshladi
2026-06-16 11:45:00 / Yangiliklar

Pekin shahrida FAO va Xitoy Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi (CAAS) hamkorligida “Osiyoda makkajo’xori barg tunlami (Spodoptera frugiperda) va boshqa transchegaraviy zararkunandalarni barqaror boshqarish” mavzusidagi xalqaro texnik seminar o'tkazildi.
Seminarning ochilish marosimida BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO), Xitoy Qishloq xo‘jaligi va qishloq hududlarini rivojlantirish vazirligi (MARA), Xitoy Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi, Osiyo mamlakatlari vakillari, jumladan O'simliklar karantini va himoyasi ilmiy-tadqiqot instituti olimlari ishtirok etdi.
Asosiy e’tibor — transchegaraviy zararkunandalarning oziq-ovqat xavfsizligiga ta’siri, ularni erta aniqlash, monitoring qilish va zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini takomillashtirish masalalariga qaratildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, makkajo’xori barg tunlami bugungi kunda dunyoning ko‘plab mamlakatlarida makkajo‘xori va boshqa ekinlar hosildorligiga jiddiy zarar yetkazayotgan eng xavfli zararkunandalardan biri hisoblanadi. Shu sababli FAO tomonidan ushbu zararkunandaga qarshi Global Action dasturi amalga oshirilmoqda.
Seminar davomida Xitoyning zararkunandalarni monitoring qilish, prognozlash, uyg'unlashgan himoya usullari (IPM), raqamli texnologiyalar va xalqaro hamkorlik bo‘yicha amaliyoti o‘rganiladi.
O‘zbekiston uchun ushbu seminar transchegaraviy zararkunandalar monitoringi, fitosanitariya xavfsizligi, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash hamda zamonaviy ilmiy yondashuvlarni amaliyotga joriy etish bo‘yicha yangi ilg'or tajribalarni joriy etish imkonini beradi.





