Sayyor qabul: eksport salohiyatini oshirish yo‘lida ochiq muloqot
2026-02-19 15:10:00 / Yangiliklar

Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi Tomorqa maktabida O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi direktori Ibrohim Ergashev ishtirokida sayyor qabul o‘tkazildi. Unda soha mutaxassislari hamda Afg‘oniston, Eron, Pokiston, Rossiya va qo‘shni davlatlarga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarni eksport qiluvchi tadbirkorlar ishtirok etdi.
Uchrashuvda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport strategiyasi, mahsulotni eksportga tayyorlash, qayta ishlash va qadoqlash, fitosanitariya va boshqa sertifikatlarni rasmiylashtirish, davlat tomonidan berilayotgan imtiyoz va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari kabi masalalar atroflicha ko‘rib chiqildi.
Tadbirkorlarning murojaatlari joyida o‘rganilib, Agentlik vakolati doirasidagi masalalar tezkor hal etildi. Qo‘shimcha o‘rganish talab qiladigan murojaatlar nazoratga olindi.
Sayyor qabulda meva-sabzavot, poliz, uzum va dukkakli mahsulotlar eksporti uchun fitosanitariya ruxsatnomalarini olish tartibi, temir yo‘l kargolari, issiqxonachilik hamda mineral o‘g‘itlar importi bilan bog‘liq masalalar yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Sayyor qabul vohada qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport salohiyatini oshirish, yer resurslaridan samarali foydalanish, qayta ishlash, saqlash va kooperatsiya tizimini rivojlantirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.



