O‘simliklar karantini tizimini isloh qilish: salohiyat, bilim va xalqaro standartlar
2026-02-11 13:00:00 / Yangiliklar

O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining direktori Ibrohim Ergashev Koreya xalqaro hamkorlik tashkiloti (KOICA) bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyiha doirasida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi.
Dastur bo‘yicha xalqaro ekspertlar ishtirokida Agentlikning institutsional salohiyatini oshirish, inson resurslarini rivojlantirish hamda fitosanitariya tizimini xalqaro talablar asosida takomillashtirish rejalashtirilgan.
Mutaxassislar hududlarda o‘rganishlar olib borib, o‘simliklar karantini sohasidagi mavjud holat chuqur tahlil qilindi va xodimlarni ishga qabul qilish, o‘qitish va baholash tizimlarini takomillashtirish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqildi. Jumladan, karantin inspektorlarining bilim va ko‘nikmalarini xolis baholash maqsadida yozma va amaliy malaka imtihonlarini joriy etish, ixtisoslashtirilgan treninglar tashkil etish hamda mutaxassislar tayyorlashning bosqichma-bosqich tizimini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, chegara karantin maskanlarida laboratoriya faoliyatini takomillashtirish, tekshiruv jarayonlarini tezlashtirish va natijalarning ishonchliligini ta’minlash bo‘yicha huquqiy va tashkiliy masalalar muhokama qilindi. Zararkunandalarni aniqlash, monitoring qilish va ularga qarshi kurashish bo‘yicha standart operatsion tartiblarni ishlab chiqish hamda amaliyotga joriy etish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
Tashrif doirasida ilmiy muassasalar va chegara maskanlari faoliyati o‘rganilib, JSTning sanitariya va fitosanitariya (SPS) talablari asosida bilim almashish, xodimlar malakasini oshirish bo‘yicha seminar va muhokamalar ham o‘tkazildi.
Amaliyotga yo‘naltirilgan ushbu o‘zgarishlar:
fitosanitariya xavfsizligini kuchaytirish,
qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportida ishonchni oshirish,
xalqaro hamkorlar tomonidan tan olinadigan samarali karantin tizimini shakllantirishga xizmat qiladi.



