Hududda aholining zaif qatlamlari uchun ma’lumot
Mahallalarda kam ta'minlangan oilalar, yakka yolgʻiz keksalar hamda nogironligi boʻlgan shaxslarga ijtimoiy yordam koʻrsatish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar, mavjud muammolar, kamchiliklar hamda ustuvor vazifalar toʻgʻrisida MA'LUMOT
I. Kam ta'minlangan oilalar boʻyicha.
Statistika agentligi ma'lumotiga asosan 01.01.2025 yil holatiga viloyatda 180,2 ming nafar kambagʻal aholi mavjud boʻlib, kambagʻallik darajasi 11,8 foizni tashkil qilgan.
“Kambagʻal oilalar reestri”ga kiritilgan aholi soni 103,2 ming nafar (23,719 ming ta oila), kambagʻallik darajasi 6,7 foiz.
Oʻrtadagi farq, kambagʻal aholi soni -77 ming nafar, kambagʻallik darajasi -5,1 foiz.
II. Oʻzgalar parvarishiga muhtoj shaxslar boʻyicha.
Viloyatda jami 540 nafar oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yakka-yolgʻiz hamda yolgʻiz yashaydigan keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar (shundan, 199 nafari yolgʻiz keksalar, 107 nafari yolgʻiz yashovchi keksalar, 68 nafari yolgʻiz yashovchi nogironligi boʻlgan shaxslar va 166 nafari yolgʻiz nogironligi boʻlgan shaxslar) mavjud.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 8 maydagi
PQ-171-sonli qaroriga asosan 2025 yil 1 iyundan boshlab oʻzgalar parvarishiga muhtoj voyaga etgan shaxslarga 5 turdagi yangi ijtimoiy xizmatlar koʻrsatilishi yoʻlga qoʻyildi. Jumladan:
1. uy sharoitida ijtimoiy-maishiy yordam koʻrsatish xizmati – “Yolgʻiz keksa” reestrida turgan yotoq sharoitidagi va parvarishga muhtoj (0-116 ball) shaxslarga;
2. uy sharoitida qarab turish xizmati “Kambagʻal oilalar” reestrida turgan yoki “Ijtimoiy himoya yagona reestri” AT orqali bolalar nafaqasi yoki moddiy yordamni oluvchi yotoq sharoitidagi (0-53 ball) shaxslarga;
3. tibbiy-ijtimoiy reabilitasiya xizmati - “Yolgʻiz keksa” reestriga kiritilgan va “Kambagʻal oilalar” yoki “Ijtimoiy himoya yagona” reestrlarida turgan jarohatlanish va bosh miya qon aylanishi buzilishi (insult) tashxisi qoʻyilgan (0-62 ball) shaxslarga;
4. kunduzgi qatnov asosida qarab turish xizmati - Yolgʻiz keksa” reestriga kiritilgan va “Kambagʻal oilalar” yoki “Ijtimoiy himoya yagona” reestrlarida turgan (0-62 ball) shaxslarga;
5. shaxsiy yordamchi xizmati - 18 yoshdan 55 yoshgacha ayollar yoki
60 yoshgacha erkaklar, koʻzi ojizlik boʻyicha I guruh nogironligi birinchi marotaba belgilangan shaxslar nogironlik belgilangan vaqtdan boshlab
6 oydan koʻp boʻlmagan muddatda murojaat qilganda; birinchi marta aravachadan foydalanish belgilangan shaxs, birinchi marta aravachadan foydalanish belgilangan vaqtdan boshlab 6 oydan koʻp boʻlmagan muddatda murojaat qilganda.
Bugungi kunda, 1) uy sharoitida ijtimoiy-maishiy yordam koʻrsatish xizmati uchun 722 ta 2) uy sharoitida qarab turish xizmatiga 398 ta
3) tibbiy-ijtimoiy reabilitasiya xizmatiga 262 ta 4) kunduzgi qatnov asosida qarab turish xizmatiga 87 ta, 5) shaxsiy yordamchi xizmatiga 8 ta, jami 1 477 ta vaucher shakllanib xizmatlar koʻrsatilmoqda.
Nogironligi boʻlgan bolalarga “Kunduzgi parvarish” xizmatini tashkil qilish.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 27 fevraldagi 126-sonli qaroriga asosan nogironligi boʻlgan bolalar uchun har bir tuman (shahar)da 1 tadan tadbirorlar tomonidan “Kunduzgi parvarish” xizmatini tashkil qilish belgilangan.
Bugungi kunga qadar, viloyatda jami 13 ta “Kunduzgi parvarish” xizmatini tashkil qilish uchun tadbirkorlar roʻyxatdan oʻtib, 13 ta hududda ishga tushirilgan, 193 nafar nogironligi boʻlgan bolalar “Kunduzgi parvarish” xizmatiga qamrab olingan.
III. Nogironligi boʻlgan shaxslar boʻyicha.
Viloyatda 2025 yil 1 oktyabr holatiga nogironligi boʻlgan shaxslar 45 619 nafarni tashkil qiladi. (shundan, nogironligi boʻlgan bolalar 8 881 nafar, 1-guruh nogironi 3 904 nafar, 2-guruh nogironi 29 749 nafar, 3-guruh nogironi 3 805 nafar).
Nogironligi boʻlgan shaxslarni aniqlash va ularga protez ortopediya va reabilitasiya texnik vositalari ajratish tizimi elektronlashtirildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 30 apreldagi 253-sonli Qaroriga muvofiq 2024 yil 1 avgustdan boshlab muhtoj shaxslar protez ortopediya mahsulotlarini elektron vaucher asosida uylarida turgan holda buyurtma berishlari va “Uzum market” ilovasi orqali yashash xonadonlariga etkazib berish tizimi yoʻlga qoʻyildi.
2025 yil yanvar oyidan bugungi kungacha vaucher asosida 3,0 ming nafar muhtoj shaxslar protez ortopediya mahsulotlari bilan ta'minlangan. Shundan, 2,2 ming ta reabilitasiya texnik vositalari, 0,8 ming ta protez ortopediya mahsulotlarini tashkil qiladi.
Nogironligi boʻlgan shaxslarni bandligini ta'minlash boʻyicha.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 08.05.2025 yildagi PQ-85-sonli qarorning 2-ilovasiga asosan Jizzax viloyatida 3 057 nafar nogironligi boʻlgan shaxslarning bandligini ta'minlash belgilangan.
Mazkur Farmon bilan quyidagi nogironligi boʻlgan shaxslarni ishga qabul qilgan tadbirkorlarga quyidagi imtiyozlar beriladi.
1. Ijtimoiy soliq stavkasi – yuridik shaxslarga 1 %, yakka tartibdagi tadbirkorlarga 0 %; 2. Soliq stavkasi – tekstil qorxonalarida xodimlar sonining 15 foizi nogironligi boʻlgan shaxslar yoki kambagʻallik reestriga kiritilgan shaxslardan iborat boʻlsa, foyda soligʻi 2 %, ijtimoiy soliq 1 %;
3. Xodimlar sonining 25 foizi (4 nafardan kam boʻlmagan holda) nogironligi boʻlgan shaxslar boʻlsa, elektron kooperasiya portalida toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma qilishga ruxsat beriladi, er, mol-mulk va aylanma soliqdan ozod etiladi;
4. 10 nafar nogironligi boʻlgan shaxsni ishga qilgan tadbirkorga (surdo-tarjimon, psixolog va hamrohlik xizmatlarini tashkil qilish uchun) 50 mln soʻmgacha subsidiya ajratiladi.
5. Nogironligi boʻlgan shaxslarni 3 oy davomida uzluksiz bandligini ta'minlagan hamda ehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 2 baravaridan kam boʻlmagan ish haqi toʻlagan tadbirkorlarga 500 mln soʻmgacha subsidiya ajratiladi.
Mazkur Farmonda belgilangan imtiyozlarni tadbirkorlik sub'ektlariga keng targʻib qilish, tushuntirish va targʻibot ishlarini olib borilganligi natijasida amalda 2 731 nafar (rejaga nisbatan 89 %) nogironligi boʻlgan shaxslar bandligi ta'minlangan.
Nogironligi boʻlgan shaxslarni adaptiv sportga qamrab olish boʻyicha.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 11 avgustdagi PQ-389-sonli qaroriga asosan nogironligi boʻlgan shaxslarni adaptiv sport turlariga jalb qilish belgilangan.
Viloyatda 2025 yil yakuniga qadar jami 1 858 nafar nogironligi boʻlgan shaxslarni adaptiv sportga qamrab olish rejalashtirilgan boʻlib, shundan toʻqqiz oylik reja 1 555 nafar etib belgilangan boʻlib amalda 1 592 nafar yoki rejaga nisbatan 102 foiz nogironligi boʻlgan shaxslar sportga jalb etilgan.
