MARJONBULOQ VA MARJONBULOQLIKLAR YURT TARAQQIYOTIGA XIZMAT QILMOQDA
2025-08-18 09:25:00 / Yangiliklar

Navoiy kon-metallurgiya kombinatida har bir bo’linma paydo bo’lishining o’z tarixi, ta’rifi bor. Marjonbuloqdagi bo’linmalar ham mana shunday tarixiy yo’liga ega. Aytishlaricha, bundan yarim asr burun bu yerlar oddiy qishloq, odam yursa oyog’i, qush o’chsa qanoti kuyadigan dashtu dalalardan iborat bo’lgan ekan. Bu zamin bag’ridan qimmatbaho metallar zaxirasi topilishi o’tgan asrning tarixiy mo’’jizasi bo’ldi. Buning natijasida hududga sanoat kirib keldi. Konchilik va metallurgiya industriyasi - “Marjonbuloq” koni, “Marjonbuloq” oltin ajratib olish sexi va Marjonbuloq shaharchasi qad rostladi. Ular hudud qiyofasini tubdan o’zgartirib, yangicha hayot bag’ishladi.
Hozirgi kunda mazkur kon va sex Janubiy kon boshqarmasining tarkibiy bo’linmasi bo’lib, bu yerda ming nafardan ortiq konchi-metallurg, muhandis-texnolog, ishchi-xodim mehnat qilmoqda.
- O’tgan davr biz uchun juda katta sinov bo’ldi. Kechani-kecha, kunduzni-kunduz demay fidokorona mehnat ortidan rejalar ortig’i bilan bajarilib, bosqichma-bosqich o’sish sur’atlari oshirib borildi. Samaradorlikni tahlil va taqqos etadigan bo’lsak, hozirgi paytda kondan har sutkada 2,6 ming tonna, bir yilda 5,3 million kubometr oksidlangan va sul’fidli tog’ jinslari qazib olinmoqda. Oltin ajratish sexida uning 837 ming tonnasi qayta ishlanmoqda, - deydi sex boshlig’i Elyor Rustamov.
Biz borgan pallada ham ish ko’lami, ishlab chiqarish jarayonlari qizg’in davom etardi. YOz jazirimasining otash tafti, esayotgan issiq garimselni pisanda etmay, rahbardan oddiy ishchigacha hamma ish, ishlab chiqarish va vazifasi bilan band edi. Ular harakatida g’ayrat-shijoat barqaror, mas’uliyat mujassam edi.
Bu natijalar o’z-o’zidan bo’layotgani yo’q. Bunda, mehnatda toblangan jamoa jasorati va mashaqqatli mehnat mujassam. Darvoqe, bu yil “Marjonbuloq” koni tashkil topganiga 45 yil to’ldi.
ZAMIN ZARNI, ZAMON ZARGARNI YARATADI
“Marjonbuloq” koni - 1980 yilda tashkil topgan. SHonli va sharafli, zalvorli va zarafli yo’liga ega tarixiy kon! Korxona shundan buyon, ya’ni, qirq besh yil, 16 425 sutka, 394 200 soatdan buyon bir on ham to’xtagani yo’q. Ishlab chiqarish bir maromda davom etmoqda. Buning natijasida bugunga kelib kon uzunligi 2 ming metr, eni 900 metr va chuqurligi 215 metrga yetdi.
Keling tarixga qaytamiz! O’tgan asr o’rtalarda G’allaorol hududida ulkan ma’dan zaxirasi aniqlandi. Bu, O’zbekiston uchun - tarixiy yangilik, geologiya-qidiruv ishlarining – ulkan natijasi edi. Ushbu kashfiyot bepoyon dasht bag’rida kon va fabrika, shuningdek, ishchilar shaharchasi, ijtimoiy infratuzilma ob’yektlarini qurish davrini boshlab berdi.
Sanoat industriyasi va shaharcha barpo etilishida O’zbekiston rahbari, taniqli davlat arbobi, ulug’ adib SHarof Rashidovning xizmatlari beqiyos bo’lgan ekan. Mahalliy xalq buni faxr bilan ko’p eslaydi. E’tibor tufayli bu yerga bunyodkorlik ruhi, yaratuvchanlik shukuhi kirib keldi. Amalga oshirilgan barcha olamshumul ishlar o’zbek farzandining qo’llab-quvvatlashi bilan bog’liq. Buyuk shaxs hududga tashrifi buyurib, mahalliy aholi bilan uchrashadi. Ularning muammolarini tinglaydi va hal etishga bosh-qosh bo’ladi. Bu tarixiy kunlar bugun Marjonbuloq tarixiga zarhal harflar bilan bitilgan.
Ilk yillarda ushbu koning boshqaruv idorasi ma’lum muddat Qo’ytosh posyolkasida faoliyat olib borgan. Konda ilk qazish ishlari boshlanib, tog’ jinslari “Lalmikor” temir yo’l stansiyasi yaqinida ochilgan ma’dan saqlash omboriga tashilgan va u yerdan Uralning Revda shahridagi mis eritish zavodiga jo’natilgan.
YAna bir misol. Ilk yillarda aniqlangan qimmatbaho metallar zaxirasi uzoq muddat ishlash uchun yetarli emasdi. Bu, shak-shubhasiz, geologiya-qidiruv ishlarini yanada kuchaytirish, xomashyo zaxirasini kengaytirishni talab etardi. Ushbu ehtiyojdan kelib chiqib, “Marjonbuloq” geologiya-qidiruv partiyasi tashkil etildi. O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan geolog Pirmuhammad Toshqulov rahbarlik qilgan davrda e’tirofga molik ishlar olib borildi. YA’ni, oltintoparlarning tinimsiz izlanishi, geologiya-qidiruv ishlari natijasida yangi zaxiralar aniqlandi. Bu esa konchilik ishini bir maromda olib borish imkoniyatini yaratdi.
Kon ilk tashkil topgan yillarda kadrlar masalasi muammo edi. SHu bois, mutaxassis-kadrlar chetdan jalb etilgan. Ular kon hududida qurilgan barak uylarda yashagan. Keyinchalik O’zbekistonning o’zida kadrlar tayyorlagani evaziga asta-sekin ishlar izga tushib ketdi. YAqin yillardan boshlab mahalliy kadrlarga bo’lgan e’tibor tufayli korxonaga zamonaviy fikrlaydigan mutaxassislar, sohaning yangi vakillari kirib keldi.
Bir so’z bilan aytganda, o’tgan yillar davomida “Marjonbuloq” konidan ko’plab konchilar, metallurglar, shaxtyorlar, geologu marksheyderlar, el-yurt koriga yaragan va yarayotgan qanchadan-qancha ulug’ insonlar, soha darg’alari yetishib chiqdi. Va yana soha rivojiga munosib hissa qo’shishga qodir sanoat xodimlarining yangi avlodi shakl-landi. Ular bugun o’zlariga bildirilgan ishonchni to’liq oqlab, zamonaviy texnika va texnologiyalarni boshqarmoqda. Bu, shak-shubhasiz, mazkur konning buguni va kelajagi ishonchli qo’llarda ekanidan dalolat beradi.
E’TIBOR BOR JOYDA, RIOJLANISH BO’LADI
Hukumat qarori bilan 2002 yilda “Marjonbuloq” koni Navoiy kon-metallurgiya kombinati tarkibiga o’tkazildi. Bu paytda jihozlar texnik jihatdan ancha eskirgan, nochor ahvolga kelib qolgan, binolar ta’mirga muhtoj, isitish tizimlari ishdan chiqqan, suv muammosi, maxsus ishchi kiyimlari ta’minoti va boshqa ancha-mo’ncha muammolar to’planib qolgan edi. Hattoki, kerakli oddiy ehtiyot qismlar va jihozlar ham chetdan keltirilgani bois, ishlab chiqarishda to’xtalishlar, uzilishlarga sabab bo’lardi. Eng achinarlisi, maoshlar kamligi, o’z vaqtida berilmasligi natijasida jamoada norozilik kayfiyati, kadrlar qo’nimizligi yuzaga kelgandi.
2008 yildan boshlab Marjonbuloqda uzoq kutilgan o’zgarishlar boshlandi. Kombinat rahbariyati ishchilar bilan uchrashib, odamlar ichiga kirdi, ularning dardlarini tingladi. To’planib qolgan muammolarni batafsil o’rganib, bartaraf etishga kirishdi. Bu – hammada katta umid uyg’otdi. Bu ishga eng malakali mutaxassislar, muhandis-texnologlar, boshqa soha vakillari jalb etildi. Qurilish-ta’mirlash, ishlab chiqarishlarni modernizatsiya qilish, qayta jihozlash va texnik yangilash, kon texnikalarini almashtirish, ishchi-xodimlar uchun munosib ish, daromad manbalarini yaratish, ijtimoiy muammolarni hal etish bo’yicha ko’plab ishlar amalga oshirildi.
Tez fursatda barcha muammolar ijobiy hal etildi. Hattoki, ishchi-xodimlar maxsus kiyim-bosh bilan ta’minlash, tegishli uchastkalarga bepul issiq ovqat, sut, qattiq mahsulotlari berish yo’lga qo’yildi. Konchilar shaharchasi ijtimoiy hayotni yaxshilash borasida ham tizimli ishlar olib borildi. Bu o’zgarishlar jamoaga ishchanlik kayfiyati, hayotiy farovonlik va yuqori ish samaradorligini bag’ishladi.
BIRLASHGAN DOIM O’ZAR
- Ayni paytda konimizda 890 nafar ishchi-xodim mehnat qilmoqda. Ularning 168 nafarini oliy, 258 nafarini o’rta maxsus, 449 nafarini o’rta ma’lumotli mutaxassislar, shundan, 125 nafarini yoshlar va 48 nafarini xotin-qizlar tashkil etadi, - deydi kon boshlig’i Alisher Hazratqulov. - Jamoa ahilligi, mas’uliyatni his etib ishlayotgani va yosh, malakali mutaxassislardan tashkil topgani asosiy yutuqlarga omil bo’lmoqda.
O’tgan yillarda kon quvvatini oshirish borasida juda ko’p ishlar amalga oshirildi. Ishlab chiqarishga zamonaviy texnika va texnologiyalar, raqamlashtirish joriy etildi. Muhim dasturlar, loyihalar bosqichma-bosqich amalga oshirilishi chiqarish sur’atini oshirib yubordi.
2002 yilda ushbu kondan 718,8 ming kubometr tog’ jinslari qazib olingan bo’lsa, 2016 yilda bu ko’rsatkich 3,3 million kubometrga, 2024 yilda esa 5,4 million kubometrga yetgani ulkan yuksalishdan daollat. Keyingi o’n yillikda jamoa o’sish ko’rsatkichlarini 2024 yilda 2014 yilga nisbatan 216 foizga yetkazishga erishildi. Bu – yuqoridagi fikrimizning yaqqol isboti. Bugun ahil jamoa birlashib, anashunday ulkan marralar, muvaffaqiyatlarga erishmoqda.
Konchilik sohasini texnikalarsiz tasavvur etib bo’lmaydi. SHu bois, texnika parki doimiy zamonaviy, qudratli texnikalar bilan to’ldirib borilmoqda. Ayni paytda kondagi qazish ishlariga 4 ta burg’ulash uskunasi, 7 ta ekskavator, 28 ta avtoag’dargich, 40 ga yaqin turli rusumdagi ana shunday zamonaviy texnikalar jalb etilgan.
Navoiy kon-metallurgiya kombinatida yaxshi bir an’ana yo’lga qo’yilgan. Ellik ming kishilik jamoa har bir ishchi-xizmatchisi mehnati e’tiborda. O’z e’tirofini topib kelayapti. Marjonbuloqda ham bunday rag’batga erishganlar ko’p. Jumladan, Nuriddin Berdiyorov va Abuhayot Hotamovlar “SHuhrat” medali, 49 nafar ishchi-xodim turli darajadagi “Konchilik shuhrati” ko’krak nishoni, 3 nafari “NKMK faxriysi” unvoni bilan taqdirlangani buning yaqqol tasdig’idir.
OSMONGA QARAGAN ODAMLAR
Bu yerga ilk kelishim! SHu bois, taassurotlar boshqacha bo’ldi. Hudud hayoti, dashtu dalalari, aholi turmush tarzi, shevasi biznikiga o’xshash. Odamlari oddiy va samimiy. Aholining asosiy kasbu kori - dehqonchilik, bog’dorchilik, chorvachilik, qorako’lchilik ortidan. Ekin maydonlari asosan lalmikor. Osmonga qaragan elning asosiy daromadi yerdan. Qishu bahor yaxshi, seryog’in kelsa, ular uchun katta bayram.
G’allaorol haqida ikki og’iz so’z. Tuman 1926 yilda tashkil topgan. Hududi keng, G’o’bdin tog’ tizmasiga tutash. Asosiy maydoni keng dasht-adirlik, lalmikor yerlardan iborat. Qishloq nomlari ham ajoyib-g’aroyib. Qo’ytosh, G’allakor, Mulkush, Tozaurug’, Qipchoqsoy, G’o’bdin, Mo’ltob, Ko’kbo’loq, Mirzabuloq, Buloqboshi, Marjonbuloq va hokoza. Menimcha, ular joyning geografiyasi, qaysi qavm yashashidan kelib chiqib nomlangan.
Marjonbuloq shaharchasida asosan kombinat ishchi-xodimlari va ularning oilasi yashaydi. SHaharcha uy-joylardan tashqari, qator ijtimoiy ob’yektlarga ham ega. Eng muhimi, kundalik hayot uchun zarur – ichimlik suvi, tabiiy gaz ta’minlangan. Xizmat ko’rsatish sharoitlari ham yaratilgan. Ma’ulm bo’lishicha, shaharcha barpo etilishi, obodligi, aholi bandligida kombinatning katta hissasi bor. Ishlab topayotgan daromadi ro’zg’ori, uy-joy, to’y-ma’raka qilish, o’g’il-qizlarni o’qitishga yetib-ortayapti. Bundan barcha marjonbuloqliklar, yoshu keksa xursand. Bugun bu manzilda istiqomt qilayotganlar respublikamizning turli joylaridan kelgan. Ular bugun bir oila, ahil-inoq bo’lib hayot kechirmoqda. Marjonbuloq ular uchun eng qadrli, qadrdon maskanga aylangan.
QAYRAG’OCH SOYASIDAGI GURUNG
E’tibor berdim: shaharchada dov-daraxtlar bor. Asosan qayrag’och. CHunki bu daraxt iqlimga mos, cho’lga chidamli. Ularni ekkanlarga rahmat! O’tgan-ketganlar duo qilib, soyalab o’tadi. Abuhayot aka Hotamov bilan ana shunday qayrag’ochlar soyasida gurunglashdik.
- Asli g’allaorollikman. SHu yerda tug’ilib-o’sganman. Hozir yoshim 56 da. Ma’lumotim – oliy. Toshkent davlat texnika universitetini foydali qazilmalar geologiyasi mutaxassisligi bo’yicha tugatganman. Kombinat tizimida o’ttiz to’rt yildan beri, “Marjonbuloq” oltin ajratish sexi bosh muhandisi lavozimida 2019 yildan buyon ishlayman. Esimni taniganimdan buyon, bu yerdagi har bir o’zgarishdan xabardorman. Mustaqillikkacha bo’lgan davrlar ancha og’ir, murakkab edi. Hozirgidek sharoitlar qayerda edi, deysiz! Bugun uning tamoman aksi. CHunki zamon ancha ilgarilab ketdi. YAqinda ijtimoiy tarmoqda 254 tonnalik avtosamosval haqida o’qib qoldim. Uning o’sha davrdagi biz ishlatgan avtoag’dargich o’rtasidagi farqi osmon bilan, yercha. YAna bir gap. YAqinda konga tadbirga taklif etildim. SHunda, eski qadrdonlar bilan ko’rishib, ular ishiga guvoh bo’ldim. Ekskavator qancha qazidi, avtosamosval’ qancha tashidi, ish jarayoni qanday ketayapti hammasi - shundoq komp’yuterda aks etib turibdi. Oldinlari bunday ishlar, hisob-kitoblar to’liq qo’lda, oddiy cho’tda qilingan. Buning ortidan qancha odamning sochi oqargan.
Hamsuhbatim biroz tin olib, yana gurungni davom ettirdi.
- Ko’rib turibsiz, dunyoda nima bo’layotganini. Urushlar, tabiiy ofatlar qanchadan-qancha begunoh insonlar umriga zomin bo’layapti. Odamlar, go’daklar och va yupun. SHularni internetda ko’rib, bugungi tinch-osuda, farovon hayotimizga shukronalar aytamiz. Ilohim, tinchligimizga ko’z tegmasin! Ko’ngil xotirjamlik, sog’lik bo’lsa, hammasi topiladi. Ha aytmoqchi! Oldinlari hozirgidek imkoniyatlar bo’lmagan. Butun xalq o’rtahol kun kechirib, qora qozonni qaynatardi. Bugun esa tamoman aksi. Hayot o’zgarmoqda. SHaroitlar yaxshilanmoqda. SHuning o’zi katta baxt, oliy saodat, asriy orzu emasmi!?
Ha yana bir kamtarona mehnatim 2008 yilda davlatimizning yuksak mukofoti - “SHuhrat” medali bilan taqdirlandi. Mendek oddiy kasb egasi bo’lgan inson uchun juda katta rag’bat bo’ldi. Bu, shak-shubhasiz, sohada mehnat qilayotgan butun marjonbuloqliklar mehnatiga bo’lgan e’tirofdir. Buning uchun davlatimizdan, kombinatimiz ma’muriyatida cheksiz minnatdorman. Bu - oddiy kasb egasining bugungi islohotlar, o’zgarishlar, inson qadri ulug’lanishidan shukronaligi. Bugun mehnatidan qadr topayotgan ulkan jamoa har bir a’zosi ana shunday quvonchli kayfiyatda.
SO’NGSO’Z O’RNIDA...
Konchilik sanoati barqaror ishlashida ma’dan zaxirasi muhim ahamiyat kasb etadi va uning istiqbolini belgilaydi. Hozirgi kunda “Marjonbuluoq” konining aniqlangan ma’dan zaxirasi 5,9 million tonna, deb baholangan. Bu, 2034 yilgacha konning bir maromda ishlashiga yetadi, deganidir. Geologiya-qidiruv ishlari esa yana jadal davom etmoqda. Kelajakda uning zaxirasini yanada oshirish reja qilingan.
Bir so’z bilan aytganda, jamoa bugun o’z oldiga katta maqsadlarni qo’ygan. Jumladan, 2027 yilgacha tog’ jinslarini qazib olish hajmini 1,5 million kubometrga yoki 28 foizga oshirish yo’lida tinimsiz harakat qilmoqda. Intilganga tole yor, deydilar. Ular bu yo’lda komil ishonch bilan faqat oldinga, yuksak marralar sari intilmoqda.
YAna bir e’tiborli jihati, kombinat ma’muriyati o’z ishchi-xodimlari va ularning oila a’zolari baxtiyor, farovon yashashlari uchun kerakli sharoitlarni yaratib berish borasida doimiy g’amxo’rlik ko’rsatib kelmoqda. Buni, birgina konchilar maskani bo’lgan Marjonbuloq shaharchasi misolida ko’rish mumkin. Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan insonparvarlik siyosati, islohotlarning eng chekka hududlar, xonadonlargacha kirib borayotgani va kombinat tomonidan ijtimoiy infratuzilmani yaxshilashga qaratilgan ishlar natijasida bu maskan yildan-yilga go’zal va obod go’shaga aylanib bormoqda.
Eng ulug’, eng aziz bayram arafasida sharafli va mashaqqatli kasb egalari huzurida bo’lib, ular yilning to’rt faslida, kecha-yu kunduz, eng murakkab sharoitlarda, ochiq osmon ostidagi konda olib borayotgan mehnatiga guvoh bo’lib, mashaqqatli va matonatli kasb egalarining fidokorona xizmatlari ortidan qo’lga kiritayotgan yutuqlari, bir so’z bilan aytganda, zamonamiz qahramonlariga qoyil qoldik. Bu mavzuga yana, albatta, qaytamiz!
Abdumajid JO’RAYEV,
“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ
Matbuot markazi boshlig’i.




