“O’g’irlik jinoyati tushunchasi,uning salbiy oqibatlari”
2025-02-02 09:00:00 / Yangiliklar

O’g’rilik iqtisodiyot sohasidagi eng keng tarqalgan jinoyatlardan biridir. Talon-toroj qilishning barcha shakllari ichida o’g’rilik jinoyati sodir etilish usuli jihatidan eng xavfi kamrog’i deb topilishi mumkin, unda jismoniy yoki ruhiy ta’sir etish qo’llanilmaydi, aybdor uni sodir etishda o’zidagi vakolatlardan va mol-mulkni egallashda aldashdan foydalanmaydi. Aybdor huquqqa xilof va yashirin ravishda, ya’ni boshqa shaxslardan yashirin holda mulkdorning xohish-irodasiga qarshi o’zganing mulkini o’zlashtiradi va uni o’zining mulki sifatida tasarruf eta boshlaydi. Biroq o’g’rilik, statistika ko’rsatishicha, o’zganing mulkini talon-toroj qilishning eng keng tarqalgan usulidir bu uning ijtimoiy xavfliligini oshiradi.
O’zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “O’zgalar mulkini o’g’rilik, talonchilik va bosqinchilik bilan talon-toroj qilish jinoyat ishlari bo’yicha sud amaliyoti to’g’risida”gi 1999 yil 30 apreldagi 6-sonli qarorida o’g’rilikka quyidagicha tarif berilgan: “Jabrlanuvchining yoki boshqalarning yo’qligida yoki ular bor bo’lsada, ularga bildirmasdan o’zganing mol-mulkini yashirin talon-toroj qilish o’g’rilik hisoblanadi. Bordiyu jabrlanuvchi yoki boshqalar mol-mulkining olinayotganligini ko’rgan bo’lsada, lekin aybdor bildirmasdan harakat qilyapman deb o’ylagan bo’lsa, bunday qilmishni ham o’g’rilik deb tavsiflash lozim”-deb ko’rsatib o’tilgan.
O’g’rilik jinoyatining ob’yekti o’zganing mulkidir. Ob’yektiv tomondan o’g’irlik o’zganing mulkini yashirin ravishda talon-taroj qilishda ifodalanadi.
Jinoyatchi o’zgalar mulkini o’g’rilik bilan egallagan va undan o’z xohishicha foydalanish yoki uni ishlatish imkoniyatiga ega bo’lgan vaqtdan boshlab, o’g’rilik jinoyati tugallangan hisoblanadi.
O’zbekiston Respublikasi JKning 169-modda. O’g’rilik, ya’ni o’zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish —
bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O’g’rilik:
a) jabrlanuvchining kiyimi, sumkasi yoki boshqa qo’l yukidagi ashyoga nisbatan (kissavurlik);
b) ancha miqdorda;
v) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib;
g) uy-joy, omborxona yoki boshqa xonaga g’ayriqonuniy ravishda kirib;
d) umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovod tarmoqlariga tijorat maqsadlarida o’zboshimchalik bilan ulanish yoxud elektr energiyasini, tabiiy gazni, sovuq yoki issiq suvni hisobga olish asboblariga, shu jumladan ularning plombalariga qasddan shikast yetkazish yoxud hisobga olish asboblarining ko’rsatkichlarini o’zgartirish maqsadida ularga tashqaridan aralashish yo’li bilan;
e) umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovod tarmoqlariga elektr energiyasi, gaz yoki suv ta’minoti tashkilotlarining mansabdor shaxslari yoki xodimlari tomonidan oldindan til biriktirib, tijorat maqsadlarida o’zboshimchalik bilan ulanish yoxud elektr energiyasini, tabiiy gazni, sovuq yoki issiq suvni hisobga olish asboblariga, shu jumladan ularning plombalariga qasddan shikast yetkazish yoxud hisobga olish asboblarining ko’rsatkichlarini o’zgartirish maqsadida ularga tashqaridan aralashish yo’li bilan sodir etilgan bo’lsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O’g’rilik:
a) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan;
b) qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) axborot tizimiga kirib yoki undan foydalanib;
v) ko’p miqdorda;
g) neft’ quvurlarida, gaz quvurlarida, neft’ va gaz mahsulotlari quvurlarida sodir etilgan bo’lsa, —
besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O’g’rilik:
a) juda ko’p miqdorda;
b) o’ta xavfli retsidivist tomonidan;
v) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko’zlab sodir etilgan bo’lsa, —
sakkiz yildan o’n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Jumladan Islomov Ozodjon Jamol o’g’li 2024 yilning 28 iyuliga o’tar kechasi soat 00-30 larda tanishi Donaboyeva Nodira Sayidmurodovnaga qo’ng’iroq qilib, qarz sifatida bergan 10.000.000 so’m pulini qaytarishni so’raganida N.Donaboyeva “qayoqqa borsang bor, lekin pullaringni bermayman”-deb telefonni o’chirganidan g’azablanib, undan qarzini qanday bo’lmasin qaytarib olishni reja qilib, N.Donaboyevaning SHarof Rashidov tumani, YAngi-diyor mahallasi, Ikki do’st ko’chasidagi yashash xonadoniga borib, hovlisi orqali u yotgan xonaga g’ayriqonuniy ravishda kirib, undan qarzini qaytarib berishini talab qilib, N.Donaboyeva pulini qaytarib bera olmasligini bilgach, uni qasddan o’ldirish maqsadida N.Donaboyevaning ustiga yopinib yotgan ko’rpaning ikki tomonidan mahkam ushlab, ko’rpacha bilan N.Donaboyevaning bo’yin sohasidan bo’g’ib, butunlay qimirlamay qolgunicha ushlab turib, qasddan o’ldirib, o’zining jinoiy harakatini davom ettirib, N.Donaboyevaning o’lganiga to’la ishonch hosil qilib, o’zganing mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish maqsadida, N.Donaboyevaga tegishli bo’lgan qiymati 2.100.000 so’mlik “Redmi Note 13” rusumli telefon apparatini o’g’rilab, telefon oldi-sotdisi bilan shug’ullanuvchi S.Tursunovga 1.000.000 so’mga o’g’irlik ekanligini aytmasdan sotib yuborib, sotishdan tushgan pullarni o’zining shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan.
Sud majlisida sudlanuvchi Islomov Ozodjon Jamol o’g’li sud majlisida 2024 yilning may oylarida tanishi Nodira qo’ng’iroq qilib, uyini qayta ta’mirlayotganligini, ustalarga pul kerakligini aytib qarzga 10.000.000 so’m pul so’raganligi, 2024 yil 2 iyun’ kuni Nodira bilan Orom bozorining orqa tomonida ko’rishib, unga 10.000.000 so’m qarzga pul berganligi, oradan 10 kun o’tgach unga telefon qilganida uning telefoni ishlamaganligi, yana qo’ng’iroq qilganida telefoni ishlaganligi, lekin javob bermaganligi, 2024 yil 27 iyul’ kuni Nodiraga telefon qilganida yana uning telefoni ishlamaganligi, shu kuni soat 22-10 larda ovqatni hazm qilish uchun ko’chaga chiqqanligi, qo’shnisi Jamol aka pivo ichgisi kelayotganligini aytgani uchun u bilan birga Ma’ruf akaning choyxonasiga borganligi, Jamol aka bir dona pivoni olib ichganligi, choyxonada soat 23:00 ga qadar o’tirib uyiga qaytganligini, Nodiradan bari bir pulni olishni reja qilib, soat 23:13 da taksi chaqirib taksiga minib, Mikrorayon krugiga borib, taksidan tushib, magazinga kirganligi, u yerda semechka olib, chaqib o’tirib, Nodiraga bir necha marotaba telefon qilganligi, oxiri telefonga javob berganligini, u “pulim yo’q hozir, nima qilsang qil” deganligini, keyin jahli chiqib yo’lda mashina to’xtatib Nodirannig uyiga kelganligi uyning eshik derazalari ochiqligini ko’rib, Nodirani chaqirganligi, lekin hech kim ovoz bermagani uchun uyga kirganligini, o’ng tomondagi birinchi xonaning eshiklari ochiq va chiroqlari yoniqligini Nodira telefon o’ynab yotganligini, xonaga kirib, uning oldiga borib o’tirganligini, keyin unga “pulni qachon berasan, bermasang bo’lmaydi, beradigan joylarim bor”-deganligini, u o’rnidan turmasdan yana “pulim yo’q, nima qilsang qilaver”-deganligi, keyin hazillashib, Nodiraning ustiga ko’rpani yopib “bo’g’ib o’ldiraymi pulni bermasang” deb aytganidan so’ng u chini bilan baqir-chaqir qilib, “bo’g’ma” deb shantaj qilib baqirib ketganligini, qo’rqib ketganidan uning yon tomonidan o’tib, bo’yin qismida yopilgan holatda turgan ko’rpaning ikkala chetini ushlab, uning bo’yin qismining orqa tomoniga qarab, tomoq qismi bo’ylab ko’rpani qattiq pastga bosib haqiqatan ham bo’g’a boshlaganligini, u tipirchilaganligini, lekin qarshilik ko’rsata olmaganligini, biroz ushlab turib, keyin qo’yib yuborib, xontaxta ustida turgan Nodiraning “Redmi Note 13” rusumli telefon apparatini olib, ko’chaga yugurib chiqib ketganligini, taksi chaqirib, Mikrorayon krugiga kelib, u yerda biroz aylanganligini va yana taksi chaqirib, uyiga ketganligini, 2024 yil 28 iyul’ kuni soat 10:00 larda Stansiya bozoriga borib, “Zebo” savdo majmuasida Nodiraning uyidan olib chiqqan “Redmi Note 13” rusumli telefon apparatini notanish bo’lgan bir sotuvchiga 1.000.000 so’m evaziga sotib yuborganligini, kechasi soat 02:00 larda tuman IIB xodimlari kelib olib ketishganligini, aybiga to’liq iqrorligini, qilgan ishidan chin ko’ngildan pushaymonligi, qonun doirasida yengillik berishni so’ragan.
Sudining hukmiga ko’ra, O.Islomovga O’zbekiston Respublikasi JKning 97-moddasi 1-qismi va 169-moddasi 2-qismi “g” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilib, unga O’zbekiston Respublikasi JKning 97-moddasi 1-qismi bilan 10 (o’n) yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, O’zbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi 2-qismi “g” bandi bilan 3 (uch) yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, O.Islomovga O’zbekiston Respublikasi JKning 59-moddasi tartibida tayinlangan jazolarni qisman qo’shish yo’li bilan uzil-kesil 11 (o’n bir) yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Jinoyat ishlari bo’yicha
SHarof Rashidov tuman sudining raisi Z.Xudayberdiyev
