ZAFAROBODLIK YoSh SPORTCHI — JAHON CHEMPIONI!
2026-10-21 08:20:00 / Yangiliklar

Turkiya davlatida sportning qo‘l jangi turi bo‘yicha o‘tkazilgan Jahon chempionatida Zafarobod tumani Birlik mahallasida yashovchi yosh sportchi Sheraliyev Sharof muvaffaqiyatli ishtirok etib, 41 kilogramm vazn toifasida faxrli birinchi o‘rinni egalladi va jahon chempioni degan yuksak unvonga sazovor bo‘ldi.
Ushbu g‘alaba yosh sportchining muntazam mashg‘ulotlari, tinimsiz mehnati, qat’iyati va kuchli irodasi samarasidir.
Xalqaro maydonda qo‘lga kiritilgan bu yuksak natija nafaqat Sharofning oilasi va ustozlari, balki butun Zafarobod tumani ahli uchun ham katta quvonch va faxr bag‘ishlaydi.
Yosh sportchining jahon chempionatida O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy olgani yoshlar sportini rivojlantirish, iqtidorli sportchilarni qo‘llab-quvvatlash va ularning xalqaro musobaqalarda ishtirok etishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlarning ahamiyatini yana bir bor namoyon etdi.
Sharofning bu muvaffaqiyati tengdoshlari uchun ham ibrat bo‘lib, yoshlarni sport bilan muntazam shug‘ullanishga, sog‘lom turmush tarziga amal qilishga va yuksak marralar sari intilishga undaydi.
