SAMARQANDLIK MAHALLA RAISLARI MIRZACHO‘L TUMANI TAJRIBASINI O‘RGANDI
2026-10-16 10:15:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari D. Azizova boshchiligidagi delegatsiyaga Jizzax viloyati boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari M. Anorboyev hamda tuman hokimi B. Mirzakulov hamrohlik qildi.
Tashrif davomida Do‘stlik mahallasidagi kutubxona, yoshlarni til va kasb-hunarga o‘rgatish markazlari, "Ezgu niyat” markazi, Yoshlar ishlari agentligining tuman bo‘limi hamda "Hayot maktabi” faoliyati o‘rganildi. Yoshlar bandligini ta’minlash, kitobxonlikni rivojlantirish va aholi uchun yangi imkoniyatlar yaratish borasidagi ishlarga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, mehmonlar Yerjar va Yangi dala mahallalarida "mahalla o‘n yettiligi” faoliyati bilan tanishib, aholi muammolarini joyida hal etish, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash va xotin-qizlar bandligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rgandilar.
Tashrif doirasida Jizzax tajribasi asosida tashkil etilgan mahallalardagi islohotlar shtabi faoliyati ham taqdim etildi. Mahallalardagi 17 nafar mas’ul bilan muloqotda muammolarni aniqlash, ularga manzilli yechim topish va idoralararo hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Delegatsiya a’zolari migratsiyadan qaytgan fuqaro Nasiba Jo‘rayevaning xonadonida bo‘lib, uning mahalla ko‘magida imtiyozli kredit asosida tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish tajribasi bilan ham tanishdilar. Shuningdek, kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash va ularning daromadlarini oshirishga qaratilgan ishlar o‘rganildi.
Tashrifdan ko‘zlangan maqsad — mahalla tizimidagi samarali tajribalarni ommalashtirish, hududlar o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan tashabbuslarni kengaytirishdan iborat.






