ZOMINDA TADBIRKOR AYOLLAR QO‘LLAB-QUVVATLANMOQDA
2026-10-10 08:50:00 / Yangiliklar

"Eng yaxshi ijtimoiy loyihalar” respublika ko‘rik-tanlovining tuman bosqichida 39 ta mahalladan 121 nafar tadbirkor ishtirok etdi. Yakunda 39 nafar tadbirkor g‘olib deb topilib, ularga Oila va xotin-qizlar vazirligining tegishli vaucherlari topshirildi.
G‘oliblarni qo‘llab-quvvatlash doirasida bugungi kunga qadar 26 nafar tadbirkorga 24 million so‘mdan subsidiya ajratildi. Bu mablag‘lar tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish, xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarishni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, tadbirkor ayollarga ijtimoiy reyestrga kiritilgan, ishlash istagidagi 75 nafardan ortiq xotin-qiz shogird sifatida biriktirildi. Bu orqali ularga kasb-hunar o‘rganish, amaliy ko‘nikmalarni egallash va kelgusida mustaqil mehnat faoliyatini yo‘lga qo‘yish imkoniyati yaratilmoqda.
— Asosiy maqsadimiz nafaqat tadbirkorlikni rivojlantirish, balki ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, ularni kasb-hunarga o‘rgatish va iqtisodiy mustaqilligini oshirishdan iborat, — deydi tuman hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Nigora Omonova.
Bunday tashabbuslar xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oshirish, ularning tadbirkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish va oilalar farovonligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
