CHUNSIN SHAHRIDA JIZZAX VILOYATINING TURIZM VA GASTRONOMIK SALOHIYATI NAMOYISH ETILDI
2026-10-02 10:25:00 / Yangiliklar

Tadbirlar davomida Jizzax viloyatining boy turizm salohiyati, betakror tabiati, tarixiy-madaniy merosi, milliy urf-odat va an’analari, shuningdek, gastronomik imkoniyatlari xitoylik hamkorlar, turizm sohasi vakillari hamda keng jamoatchilikka namoyish etildi.
Mehmonlarga Jizzaxning sayyohlik yo‘nalishlari, tarixiy obidalari, ziyoratgohlari va tabiiy hududlari haqida ma’lumotlar taqdim etildi. Viloyatning sayyohlar uchun jozibador maskanlari, milliy madaniyati va qadimiy an’analari aks etgan ko‘rgazmali materiallar orqali hududning turistik imkoniyatlari keng targ‘ib qilindi.
Tadbirning muhim yo‘nalishlaridan biri gastronomik turizmga bag‘ishlandi. Unda Jizzaxning o‘ziga xos milliy taomlari, tayyorlash usullari, mehmondo‘stlik an’analari va hududga xos ta’m madaniyati namoyish etildi. Milliy taomlarning o‘ziga xosligi va ularning mahalliy urf-odatlar bilan uyg‘unligi ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Shuningdek, tadbirlar doirasida Jizzax viloyatining turizm sohasidagi imkoniyatlarini Xitoy bozorida keng targ‘ib qilish, sayyohlik oqimini ko‘paytirish, yangi turistik yo‘nalishlarni shakllantirish hamda sohadagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Jizzax viloyati kunining Chunsin shahrida o‘tkazilishi hududning xalqaro maydondagi turistik imijini mustahkamlash, Jizzax va Xitoyning turizm sohasi vakillari o‘rtasida yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, tajriba almashish va istiqbolli loyihalarni amalga oshirish uchun muhim muloqot maydoni bo‘ldi.
Ayniqsa, gastronomik turizm orqali Jizzaxning milliy qadriyatlari, mehmondo‘stlik madaniyati va o‘ziga xos taomlarini xorijiy sayyohlarga tanitish hududning turistik salohiyatini keng targ‘ib qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ushbu tadbirlar Jizzax viloyatining nafaqat tarixiy va tabiiy boyliklari, balki milliy taomlari, madaniyati va an’analari bilan ham xorijiy sayyohlar uchun jozibador hudud ekanini yana bir bor namoyon etdi.
