IKKI TIL, BIR QALB — ELGA XIZMAT
2026-10-02 10:00:00 / Yangiliklar

"O‘zbek va tojikchani juda chiroyli kelishtirib gapiradilar”, degan ta’riflaridanoq bu otaxonning so‘z san’atiga mehrini anglash qiyin emasdi. "Hamma ham til bilgani bilan bunday muloyim so‘zlay olmaydi”, dedi Lola opa. Rostdan ham, bu ta’rifga qo‘shilmay iloj yo‘q.
Abdukarim Sharipov 1946-yilda Forish tumanining Uxum qishlog‘ida tug‘ilgan. 1968-yilda Samarqand davlat universitetining o‘zbek va tojik filologiyasi fakultetini tamomlagan. Shundan so‘ng ijtimoiy sohada turli vazifalarda mehnat qildi. Ayni paytda Respublika tojik milliy madaniy markazining Jizzax viloyati bo‘limi raisi sifatida faoliyat yuritmoqda.
Uning hayoti ilm, jurnalistika va el xizmati bilan chambarchas bog‘liq. 1967-yilda otasidan ayrilgach, ukalarining taqdiri uchun ham mas’uliyatni zimmasiga oldi. Jizzax viloyatining tashkil topishi, 1974-yilda viloyatning bosh nashri — "Jizzax haqiqati” va "Djizakskaya pravda” gazetalari tahririyatining yo‘lga qo‘yilishi kabi tarixiy jarayonlarda bevosita ishtirok etdi.
— 1973-yilda Jizzax viloyati tuzildi. Yangi viloyatga gazeta, televidenie va radio tashkil etildi. Tumanlardan ko‘zga ko‘ringan jurnalistlarni yig‘ib chaqirishdi. Gazetaning ilk sonini tayyorlashda ishtirok etdik, — deydi Abdukarim aka.
"Jizzax haqiqati” qoshida Ishchi qishloq muxbirlari universitetini tashkil etib, tumanlardan kelgan 60 nafar yoshu keksaga jurnalistika sirlarini o‘rgatdi. Keyinchalik viloyatdagi ilk nashriyot — «Sangzor”ga rahbarlik qildi. Mustaqillikning dastlabki yillarida qog‘oz tanqisligi sharoitida Rossiya bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish, viloyatlar tipografiyalariga ko‘maklashish kabi mas’uliyatli vazifalarni ham bajardi.
Abdukarim Sharipov bugun ham o‘zbek va tojik xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va madaniy aloqalarni mustahkamlash, milliy qadriyatlarni asrash yo‘lida faol mehnat qilmoqda.
Samarali mehnatlari uchun u O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan I darajali "Sog‘lom avlod uchun” ordeni bilan taqdirlangan. Bu yil esa Mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan "Mustaqillikning 35 yilligi” ko‘krak nishoni hamda "Do‘stlik” ordeniga munosib ko‘rildi.
— Bu mukofotlarni kutmagan edim. Avvalo, uning mas’uliyatini his qildim. 80 yoshga kirib, bu ishonchni oqlay olamanmi, degan o‘y xayolimdan o‘tdi. Ordenni oldi-yu, ishlashni bas qildi, deyishmasin, deb hali ham yugurib yuribmiz, — deya kuladi qo‘sh mukofot sohibi.
Uning faoliyatida madaniy hamkorlik alohida o‘rin tutadi. 2022-yilda Tojikistonning So‘g‘d viloyatida o‘zbek tilida, O‘zbekistonda esa Jizzax viloyati tojik tilida ijod qiluvchi qalam ahlining hamkorlikdagi «Mehrnoma” bayozi nashr etildi. 2019-yildan buyon bir necha bor grantlarni qo‘lga kiritib, 5–6 ta kitob chop etilishiga hissa qo‘shdi. Endi esa har ikki tilda ijod qilayotgan yoshlarning asarlarini nashr etish niyatida.
Abdukarim aka va Lola opa uch nafar farzandni tarbiyalab, voyaga yetkazishdi. Bugun ular o‘n nafardan ziyod nevaralarning suyukli bobosi va buvisi. Ammo keksalikda ham el xizmatidan chetda emaslar.
— O‘zbekiston — ko‘p millatli davlat. Yurtimizda 130 dan ziyod millat vakillari ahil-inoq yashab kelmoqda. Bu — eng katta boyligimiz. Milliy madaniy markazlarning asosiy vazifasi ham ana shu ahillikni, do‘stlikni va milliy qadriyatlarni asrashdan iborat, — deydi Abdukarim aka.
Uning fikricha, bugungi tinch va farovon hayotning eng katta ne’mati — osoyishtalik. Shu bois milliy qadriyatlarni yosh avlodga yetkazish, turli millat va elatlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlash har bir insonning burchidir.
Abdukarim akaning qariyb oltmish yillik mehnat yo‘li ham aynan shu maqsad — ilm, ma’rifat, do‘stlik va elga xizmat qilish g‘oyalariga hamohangdir.
