Baxmal tumanining kelgusi qiyofasi zamonaviy master-reja asosida shakllantiriladi
2026-09-14 09:10:00 / Yangiliklar

Mazkur ishlar O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Jahon banki hamkorligida amalga oshirilayotgan "O‘rta shaharlarni kompleks rivojlantirish” hamda "O‘zbekistonda yashash uchun qulay va barqaror shaharlar” dasturlari doirasida olib borilmoqda.
Loyihani amalga oshirish maqsadida Janubiy Koreyaning DOHWA Engineering Co., Ltd. kompaniyasi boshchiligidagi xalqaro konsultantlar konsorsiumi Baxmal tumaniga tashrif buyurib, hududning mavjud holati va istiqboldagi rivojlanish imkoniyatlarini o‘rganish ishlarini boshladi.
Konsorsium tarkibiga Asian Consulting Engineers Co., Ltd., Hyundai Research Institute Co., Ltd. (Janubiy Koreya) hamda Juru Limited (Malayziya) kompaniyalari kiradi.
Tashrif davomida tumanning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyati, muhandislik-kommunikatsiya va transport infratuzilmasi, yer resurslaridan foydalanish holati, aholi punktlarining rivojlanish xususiyatlari hamda yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari o‘rganilmoqda.
Shuningdek, xalqaro ekspertlar ishtirokida hududni kompleks rivojlantirish, zamonaviy shaharsozlik va infratuzilma yechimlarini joriy etish, aholi uchun qulay va xavfsiz muhit yaratish masalalari muhokama qilindi.
Mazkur dasturning asosiy maqsadi mahalliy davlat hokimiyati organlarining hudud infratuzilmasini rivojlantirish va kelgusidagi jarayonlarni samarali rejalashtirish bo‘yicha institutsional salohiyatini mustahkamlashdan iborat.
Tayyorlanadigan fazoviy-hududiy reja va master-reja asosida Baxmal tumanining istiqboldagi rivojlanish yo‘nalishlari aniq belgilab beriladi.
Xususan, transport va muhandislik infratuzilmasini takomillashtirish, aholi uchun zamonaviy xizmatlar va qulay jamoat makonlarini yaratish, investitsiyalarni jalb etish uchun zarur shart-sharoitlarni shakllantirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Xalqaro ekspertlarning ilg‘or tajribasi va zamonaviy yondashuvlari asosida ishlab chiqiladigan mazkur hujjat tumanning uzoq muddatli rivojlanish strategiyasini shakllantirish, mavjud imkoniyatlarni to‘g‘ri yo‘naltirish va yangi loyihalarni tizimli amalga oshirish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.
Eng muhimi, Baxmal tumanining kelgusi qiyofasini belgilab beruvchi mazkur yondashuvda aholi manfaatlari, yashash uchun qulay muhit va hududning iqtisodiy salohiyatini oshirish ustuvor vazifa sifatida belgilanadi.
