Jizzaxda avtomobilsozlik ko‘rgazmasiga tayyorgarlik ko‘rilmoqda
2026-09-14 08:35:00 / Yangiliklar

Viloyat hokimligi, “O‘zavtosanoat” AJ, Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi hamda mutasaddi tashkilotlar hamkorligida tadbirning tashkiliy va mazmuniy jihatlari puxta ishlab chiqilmoqda.
Ayni paytda ko‘rgazma maydonlarini jihozlash, stendlarni tayyorlash, sahna va LED ekranlarni o‘rnatish, B2B muzokaralar hamda shartnoma va memorandumlar imzolanadigan zonalarni shakllantirish, ishtirokchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish joylarini tashkil etish kabi ishlar amalga oshirilmoqda. Tashqi reklama vositalari o‘rnatilib, tadbirni axborot jihatidan yoritishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ko‘rgazmaga mahalliy ishlab chiqaruvchilarni keng jalb etish esa tayyorgarlikning eng muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lmoqda.
Mamlakatning 14 ta hududidan tizim korxonalariga 5029 turdagi mahsulot bo‘yicha xizmat ko‘rsatayotgan 361 nafar mahalliy yetkazib beruvchi korxona tahlil qilinib, ularni avtomobil komponentlari, butlovchi va ehtiyot qismlar, elektr jihozlari, plastmassa va rezina buyumlar, metall va quyma detallar bilan ko‘rgazmada ishtirok etishga jalb qilish choralari ko‘rilmoqda.
Tadbir doirasida avtomobilsozlik korxonalarining xarid va lokalizatsiya bo‘yicha mas’ullari mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan B2B uchrashuvlar o‘tkazishi, import o‘rnini bosish va kooperatsiya masalalari muhokama qilinishi ko‘zda tutilgan.
Bu muloqotlar yangi hamkorliklarni yo‘lga qo‘yish, mahalliy mahsulotlar turini ko‘paytirish va ishlab chiqarish zanjirlarini mustahkamlash uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qiladi.
Jizzaxning sanoat salohiyati ham bu jarayonga munosib zamin yaratmoqda. Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi ma’lumotlarida viloyatda avtomobilsozlik yo‘nalishida yangi mahsulotlarni o‘zlashtirish, mahalliylashtirish va korxonalar o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini kengaytirishga e’tibor kuchaytirilayotgani qayd etilgan.
Ko‘rgazmada oliy ta’lim muassasalari va texnikumlar bilan hamkorlik masalalariga ham keng o‘rin ajratiladi. Yetuk va raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlash, ta’lim va dual ta’lim dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik memorandumlarini tuzish rejalashtirilgan.
Shuningdek, innovatsion ishlanmalar, yuqori texnologiyali mahsulotlar, avtomobilsozlik sohasiga oid ilmiy-tadqiqotlar va yangi sanoat startaplari ham namoyish etiladi.
Tayyorgarlikning har bir bosqichida tartib-intizom va xavfsizlik masalalari ham e’tibor markazida.
Jizzax viloyat hokimligi Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya bilan hamkorlikda ko‘rgazma hududida xavfsizlikni ta’minlash, mehmonlar va ishtirokchilar harakatini tartibga solish choralarini ko‘rmoqda.
Eng muhimi, Jizzaxda ko‘rilayotgan choralar ko‘rgazmani shunchaki namoyish maydoni emas, balki ishlab chiqaruvchi va buyurtmachini uchrashtiruvchi, mahalliylashtirishga yangi turtki beruvchi, sanoat kooperatsiyasining yangi nuqtalarini belgilaydigan amaliy muloqot maydoniga aylantirishga qaratilgan.
