Tomorqadan samarali foydalanish — oila farovonligi manbaidir
2026-09-10 10:20:00 / Yangiliklar

Tumanning «Oltin vodiy” mahallasida yashovchi Obod ona Xolmatova ham o‘z xonadonidagi mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanib, tomorqachilik va issiqxona xo‘jaligini yo‘lga qo‘ygan.
Xonadonida yerdan yil davomida samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratayotgan Obod ona bir yilda uch martagacha ekin ekib, mavsum davomida pomidor, bodring va turli xil ko‘katlar yetishtirib kelmoqda. Mehnat va izlanish samarasida yetishtirilgan mahsulotlar, avvalo, oila dasturxonini to‘kin qilishga xizmat qilayotgan bo‘lsa, ortiqcha mahsulotlarni sotish orqali qo‘shimcha daromad ham keltirmoqda.
E’tiborlisi, Obod ona har bir mavsumda o‘rtacha 20–30 million so‘m atrofida daromad olib, tomorqadan foydalanishni oilaviy farovonlikni oshirishning barqaror manbaiga aylantirgan.
Bunday xonadonlar tajribasi oddiy tomorqa yer maydonidan ham oqilona yondashuv, mehnat va zamonaviy agrotexnologiyalar asosida yuqori samara olish mumkinligini ko‘rsatmoqda.
Ayniqsa, bir yilda bir necha marta hosil yetishtirish orqali mavjud yerdan unumli foydalanish oila daromadini ko‘paytirishda muhim omil bo‘lmoqda.
Bugungi kunda tomorqadan samarali foydalanish nafaqat aholi dasturxonini qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlash, balki oilalar uchun qo‘shimcha daromad manbaini yaratish, bandlikni ta’minlash va farovonlikni yuksaltirishning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Obod ona Xolmatovaning mehnat tajribasi ham shu jihatdan ahamiyatli. Zero, har bir xonadondagi yerdan unumli foydalanish, mehnatni to‘g‘ri tashkil etish va yetishtirilgan mahsulotni bozorga chiqarish orqali oilaviy daromadni yanada oshirish mumkin.
