Korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik va cheklovlar kuchaytirildi
2026-09-08 08:40:00 / Yangiliklar

Jumladan, 2026-yil 22-iyunda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim hujjatlariga korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi (O‘RQ–1155-son).
Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 8-bo‘limi “Korrupsiyaga oid jinoyatlar” tushunchasi bilan to‘ldirildi.
Korrupsiyaga oid jinoyatlar sifatida Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “d” bandi, 168-moddasi 4-qismi “g” bandi, 192⁹, 192¹⁰-moddalari, 192¹¹-moddasi 2-qismi “v” bandi, 205-moddasi 2-qismi “v” bandi, 206-moddasi 2-qismi “v” bandi, 208-moddasi 2-qismi, 209-moddasi 2-qismi “v” bandi, 210, 211, 212, 213, 214, 214¹, 214²-moddalari hamda 301-moddasi 2-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatlar belgilandi.
Shuningdek, korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslar Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarning elektron reyestriga kiritiladi.
Elektron reyestrga kiritilgan shaxslarga nisbatan qator cheklovlar belgilanadi. Xususan, ular:
— davlat xizmatiga kirish va davlat mukofotlari bilan taqdirlanish;
— saylanadigan hamda alohida tartibda tayinlanadigan lavozimlarga nomzodini ko‘rsatish;
— davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari hamda idoralararo kollegial organlar a’zosi bo‘lish;
— o‘zi ta’sis etgan va ustav fondidagi ulushining 50 foizidan ortig‘iga o‘zi egalik qiladigan tadbirkorlik subyektlarining davlat xaridlari hamda davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimlarda ishtirokchisi sifatida qatnashish;
— davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlar va davlat ta’lim muassasalarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritish huquqidan cheklanadi.
Mazkur o‘zgartirishlar korrupsiyaning oldini olish, uning oqibatlariga qarshi samarali kurashish hamda korrupsiyaga oid jinoyatlar sodir etgan shaxslarning javobgarligini kuchaytirishga qaratilgan.
Jizzax viloyati hokimligi
Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat sho‘basi
