Jizzax viloyati hokimi ilg‘or mexanizatorlar “Damas” avtomobili bilan taqdirlanishini ta’kidladi
2026-08-24 14:00:00 / Yangiliklar

Davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida o‘tkazilgan uchrashuvda viloyat hokimi avvalo barcha ishtirokchilarni bayram bilan tabriklab, qishloq xo‘jaligini rivojlantirishda mexanizatorlarning o‘rni tobora ortib borayotganini ta’kidladi.
Viloyat hokimi so‘nggi yillarda dehqonchilikda qo‘l mehnatidan voz kechib, texnika imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish borasida olib borilayotgan ishlarga to‘xtaldi.
Viloyatda 220 dona chigit ekish seyalkasi va qariyb 50 dona don o‘rish kombayni xarid qilingani, shuningdek, tarixda ilk bor g‘alla orolcha qoldirmasdan atigi 15 ish kunida yig‘ishtirib olingani alohida qayd etildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu natija hisobiga qariyb 90 ming tonna (269 milliard so‘mlik) hosil saqlab qolinishi, takroriy ekinlarning o‘z vaqtida ekilishi esa yana 200 ming tonna atrofida hosil yo‘qotilishining oldini olishi kutilmoqda.
Joriy mavsumda paxtani to‘liq texnika yordamida yig‘ib olish maqsad qilib qo‘yilgani ma’lum qilindi.
Bu yil yana 50 ga yaqin paxta terish mashinasi xarid qilingan bo‘lib, mavsumda jami 300 dan ortiq shunday texnika ishlatiladi.
Don o‘rish kombaynlarida sinovdan o‘tgan GPS qurilmalari va kuzatuv kameralari endi paxta terish mashinalariga ham o‘rnatilmoqda — bu ishlar hozirda davom etmoqda.
Uchrashuvda mavsum davomida eng ko‘p va sifatli paxta tergan 30 nafar ilg‘or mexanizator “Damas” rusumli yengil avtomobil bilan rag‘batlantirilishi e’lon qilindi.
Viloyat hokimi g‘oliblarni aniqlashda adolat ta’minlanishi uchun bir qator aniq mezonlar belgilanganini aytdi.
Barcha mashinalarda GPS va kuzatuv kameralari o‘rnatilgan bo‘lishi shart, paxta faqat toza va sifatli terilishi talab etiladi. Miqdor ortidan quvib, sifatga putur yetkazilsa, mexanizator sovg‘adan mahrum bo‘ladi.
Mashinalar faqat shtab belgilagan hududda ishlashi, boshqa tumanga o‘zboshimchalik bilan o‘tib ketishi qat’iyan taqiqlanadi.
G‘oliblar inson omilisiz, faqat raqamli ma’lumotlar asosida aniqlanadi.
Viloyat hokimi tuman hokimliklari va tegishli tashkilotlar zimmasiga bir qator aniq vazifalarni yukladi.
Jumladan, 1-sentabrgacha texnika va tirkamalarni ta’mirlash va GPS qurilmalarini o‘rnatishni yakunlash, ortgich va yopinchilar bilan ta’minlash, burilish maydonchalari va xirmonlarni tayyorlash, shuningdek, yoqilg‘i va ehtiyot shinalar zaxirasini shakllantirish shular jumlasidandir.
Paxta-to‘qimachilik klasterlariga esa qabul maskanlarini sentyabr boshiga qadar tayyor holga keltirish va paxtani sutka davomida, 24 soat to‘xtovsiz qabul qilish vazifasi qo‘yildi.






