Jizzaxdagi harbiy qismda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tdi
2026-08-12 09:10:00 / Yangiliklar

Tadbirlar O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Jizzax viloyat kengashi, DXX Chegara qo‘shinlariga qarashli “N” harbiy qismi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining viloyat bo‘limi hamda madaniyat sohasi vakillari hamkorligida tashkil etildi.
Unda harbiy xizmatchilar, ijodkorlar, yoshlar va madaniyat sohasi vakillari ishtirok etdi. Uchrashuvlarda Vatanga muhabbat, yurt tinchligi va sarhadlar daxlsizligini ta’minlash, Vatan himoyachisining sharafli va mas’uliyatli burchi haqida fikr almashildi.
Ishtirokchilarga yurtimizning boy tarixi, milliy qadriyatlari, adabiyoti va san’ati haqida ma’lumotlar berildi. Ijodkorlarning she’r va adabiy-badiiy chiqishlari, dilbar kuy-qo‘shiqlar tadbirlarga ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.
Shuningdek, harbiy xizmatchilarni kitobxonlikka, milliy adabiyot va san’atga qiziqtirish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ta’kidlanganidek, bunday tadbirlar harbiy xizmatchilarning ma’naviy dunyoqarashini yuksaltirish, ularda milliy g‘urur, Vatanga sadoqat va vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar doirasida 200 nafar harbiy xizmatchi va yoshlar qamrab olindi.
