ZOMINDA MAHALLALAR INFRASTRUKTURASI YANGILANIB, AHOLI UCHUN QULAY SHAROITLAR YARATILMOQDA
2026-08-12 08:40:00 / Yangiliklar

Jumladan, tumanning Paxtakor mahallasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarorlari va davlat dasturlari asosida obodonlashtirish hamda infratuzilmani yaxshilash ishlari izchil davom ettirilmoqda.
Ayni paytda mahalla hududidagi ichki ko‘chalarda asfaltlashtirish ishlari olib borilmoqda. Buning natijasida yo‘llarning sifati yaxshilanib, transport vositalari harakati uchun yanada qulay va xavfsiz sharoit yaratilmoqda.
Asfaltlashtirish ishlari nafaqat haydovchilar, balki piyodalar uchun ham qulaylik yaratib, mahalla aholisining kundalik turmushini yengillashtirishga xizmat qiladi. Ayniqsa, kuz-qish mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan noqulayliklarning oldi olinib, ichki yo‘llarning ravon va zamonaviy holatga keltirilishi ta’minlanmoqda.
Paxtakor mahallasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari aholi uchun munosib yashash sharoitlarini yaratish, hudud infratuzilmasini rivojlantirish va mahalla qiyofasini yanada obod etishga qaratilgan.
Kelgusida ham mahallada obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish va infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan ishlarni izchil davom ettirish rejalashtirilgan.
Zero, inson qadrini ulug‘lash, aholi uchun qulay va farovon hayot sharoitlarini yaratish yo‘lida amalga oshirilayotgan bunday bunyodkorlik ishlari Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining mahallalardagi amaliy ifodasidir.
