Jizzax viloyatida xatlov ishlari izchil davom etmoqda
2026-08-12 08:10:00 / Yangiliklar

Jizzax viloyatida ham O‘zbekiston Respublikasining O‘RQ–937-sonli Qonuni doirasida ko‘chmas mulk obyektlarini xatlovdan o‘tkazish jarayoni izchil davom etmoqda.
2026-yil 11-avgust kuniga qadar viloyatda jami 86 ming 319 ta obyekt xatlovdan o‘tkazildi. Bu jarayonda mavjud obyektlarning holati o‘rganilib, ularga oid ma’lumotlarni yagona elektron tizimga kiritish ishlari amalga oshirilmoqda.
Jumladan, 77 ming 219 ta obyekt UZKAD tizimiga o‘tkazildi. Ularning 76 ming 273 tasi turar joy, 946 tasi esa noturar joy obyektlarini tashkil etadi.
Xatlov jarayonining muhim bosqichlaridan biri — obyektlarga bo‘lgan huquqlarni qonuniy tartibda e’tirof etishdir. Shu nuqtayi nazardan, bugungi kunga qadar 50 ming 859 ta obyekt “E’tirof” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga o‘tkazilgan.
Ayni paytda 11 ming 645 ta obyekt bo‘yicha hujjatlar muhokama jarayonida bo‘lib, 9 ming 695 ta obyektga bo‘lgan huquqlar e’tirof etilgan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mazkur jarayon nafaqat ko‘chmas mulk obyektlarini xatlovdan o‘tkazish, balki fuqarolarning yillar davomida foydalanib kelayotgan mol-mulkiga bo‘lgan huquqlarini qonuniy jihatdan mustahkamlash uchun ham muhim ahamiyatga ega.
Zero, mulk huquqining qonuniy e’tirof etilishi fuqarolarning huquqiy kafolatlarini kuchaytirish bilan birga, ko‘chmas mulkka oid ma’lumotlarni tizimlashtirish, davlat kadastri ma’lumotlarining shaffofligi va ishonchliligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Jizzax viloyatida xatlov ishlarining bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgani, obyektlarning elektron tizimlarga o‘tkazilayotgani hamda huquqlarni e’tirof etish jarayonining jadallashib borayotgani ushbu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini ko‘rsatmoqda.
Eng muhimi, amalga oshirilayotgan ishlar zamirida inson manfaati, uning mulkiy huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashdek ezgu maqsad mujassam.
