Zomin — bunyodkorlik, investitsiya va turizm markaziga aylanmoqda
2026-08-04 09:00:00 / Yangiliklar

Hududda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari aholi turmush sifati, bandlik va investitsiyaviy jozibadorlikni oshirishga xizmat qilmoqda.
Yangi korxonalar — yangi imkoniyatlar
“Zomin texnoparki” maxsus sanoat zonasida umumiy qiymati 854,5 mln dollarlik 12 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Qurilish materiallari, mebel va kabel ishlab chiqarishga ixtisoslashgan uchta yirik korxona ishga tushirildi. Yil yakuniga qadar yana 180 mln dollarlik loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Dashtobod shahridagi “Artel Electronics Zomin” filiali minglab yoshlarni ish bilan ta’minladi. Korxonada xodimlar uchun yotoqxona, issiq ovqat va transport xizmati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, qo‘shimcha 1500 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Obod mahalla — farovon hayot
Joriy yilda qurilish va obodonlashtirish ishlariga 624 mlrd so‘m yo‘naltirildi. Maktablar rekonstruksiya qilinmoqda, madaniyat saroyi va oqova suv tarmoqlari qurilmoqda. “Tashabbusli budjet” doirasida yangi o‘quv binolari va mini stadionlar barpo etildi.
Prezident topshiriqlari ijrosi doirasida 20,1 mlrd so‘m hisobidan ko‘p qavatli uylar, ta’lim va tibbiyot muassasalari ta’mirlandi. G‘afur G‘ulom mahallasida 160 xonadonli 8 ta ko‘p qavatli uy foydalanishga topshirildi.
Infratuzilmani yaxshilash maqsadida 98 km ichki yo‘l, 65 km davlat ahamiyatidagi yo‘l, 87 km elektr tarmog‘i, ichimlik suvi va gaz tarmoqlari yangilandi.
Farovonlik sari
“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida og‘ir toifadagi mahallalarda 17,9 mlrd so‘m evaziga suv ta’minoti yaxshilanib, quduqlar, lotoklar va yangi suv tarmoqlari barpo etildi. Bu aholining tomorqadan daromad olish imkoniyatlarini kengaytirmoqda.
“Yashil makon” natijalari
Tumanda ekologik barqarorlikka ham alohida e’tibor qaratilmoqda. 2025-yilda 1,7 milliondan ortiq, 2026-yil bahorida esa 532 mingdan ziyod daraxt va buta ko‘chatlari ekildi. Ikkita “Yashil bog‘” va bitta “Hokimlik bog‘i” tashkil etildi.
Eksport hajmi ortib bormoqda
Joriy yilda Zomin tumanining eksport rejasi 36,1 mln dollar etib belgilangan.
Elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, farmatsevtika va ipak mahsulotlari asosiy eksport yo‘nalishlarini tashkil etmoqda.
Turizm jadal rivojlanmoqda
Zominda 146 ta joylashtirish vositasi, Suffa platosida zamonaviy mehmonxonalar, sog‘lomlashtirish markazi, respublikadagi eng mashhur osma ko‘prik va osma dor yo‘li faoliyat yuritmoqda.
O‘tgan yili tumanga 100 mingga yaqin xorijiy va 1 millionga yaqin mahalliy sayyoh tashrif buyurgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkichlarni yanada oshirish rejalashtirilgan.
Janubiy koreyalik sayyoh Han Seung Hwan Zominni Shveysariya tabiatiga qiyoslab, uning tog‘lari, osma ko‘prigi, ziplayni hamda milliy taomlaridan katta taassurot olganini ta’kidladi. Bu esa Zominning xalqaro turistik yo‘nalish sifatidagi nufuzi tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.
