Jizzaxda “Jasorat maktabi”ning uchinchi mavsumi muvaffaqiyatli yakunlandi
2026-08-04 08:30:00 / Yangiliklar

Loyihaning asosiy maqsadi yoshlarda Vatanga sadoqat, yuksak mas’uliyat, intizom va fidoyilik fazilatlarini shakllantirish hamda ularning hayotiy ko‘nikmalarini mustahkamlashdan iborat.
O‘n kun davom etgan yig‘inda ishsiz yoshlar, “Yoshlar daftari” hamda probatsiya hisobida turgan jami 100 nafar ishtirokchi harbiy tayyorgarlik, jismoniy chiniqish, saf mashqlari, birlamchi harbiy bilimlar va zamonaviy kasbiy ko‘nikmalarni egalladi.
Shuningdek, ularda jamoada ishlash, yetakchilik qilish hamda turli vaziyatlarda tezkor va to‘g‘ri qaror qabul qilish ko‘nikmalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Loyihaning yopilish marosimida harbiy qism qo‘mondonligi, Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasi, Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi vakillari, shuningdek, ishtirokchilarning ota-onalari qatnashdi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga o‘zlari tanlagan yo‘nalishlar bo‘yicha sertifikatlar topshirildi. Shuningdek, “Harbiy estafeta”, “Milliy kurash”, “Voleybol” va “Zakovat” musobaqalarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan yoshlar kubok, diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
“Jasorat maktabi” nafaqat harbiy bilim va amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish, balki yoshlar qalbida milliy g‘urur, Vatan taqdiriga daxldorlik hissi va fidoyilik tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim tarbiyaviy loyiha sifatida o‘z ahamiyatini namoyon etdi.
