Xitoy kompaniyasi Jizzaxda chorvachilik va agrosanoat loyihalariga investitsiya kiritishga qiziqish bildirmoqda
2026-08-03 10:30:00 / Yangiliklar

Ana shu sa’y-harakatlar doirasida Xitoy Xalq Respublikasining Beijing Longmu Holding Group kompaniyasi delegatsiyasi Jizzax viloyatiga tashrif buyurdi.
Delegatsiya a’zolarini viloyat hokimining o‘rinbosari B. Egamov qabul qildi. Uchrashuvda Jizzax viloyatining investitsiyaviy salohiyati, qishloq xo‘jaligi va chorvachilik sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay biznes muhiti hamda davlat tomonidan taqdim etilayotgan imtiyozlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Tashrif dasturiga muvofiq mehmonlar Sharof Rashidov tumanidagi “Milk Foods” chorvachilik va sut mahsulotlarini qayta ishlash majmuasi hamda Zomin tumanida faoliyat yuritayotgan “Jizzax Organic” milliy qishloq xo‘jaligi klasteri bilan yaqindan tanishdi. Korxonalarda mahsulot yetishtirish, qayta ishlash va qo‘shimcha qiymat yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Muzokaralar chog‘ida viloyat rahbariyati tomonidan Zarbdor tumanining chorvachilikni rivojlantirish uchun mavjud imkoniyatlari taqdim etildi. Xususan, naslli qoramolchilikni kengaytirish, yuqori mahsuldorlikka ega chorvachilik majmualarini barpo etish, sohaga innovatsion texnologiyalar va zamonaviy boshqaruv tizimlarini joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha “Jizzax Organic” klasteri faoliyatini kengaytirish maqsadida dastlabki bosqichda 1 000 bosh naslli qoramol olib kelish hamda Beijing Longmu Holding Group tomonidan loyihaga 15–20 million AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritish yuzasidan dastlabki kelishuvlarga erishildi.
Shuningdek, “Jizzax Organic” rahbariyati tomonidan Zarbdor tumanidagi chorvachilik kompleksi negizida Markaziy Osiyo davlatlariga xizmat ko‘rsatuvchi zamonaviy Logistik HUB tashkil etish tashabbusi ilgari surildi. Ushbu loyiha hududning eksport salohiyatini oshirish, mahsulotlarni tashqi bozorlarga tezkor yetkazib berish hamda mintaqaviy logistika zanjirini mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Muzokaralar yakunida tomonlar naslchilikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, eksportbop tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish hamda investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish yo‘nalishlarida hamkorlikni izchil davom ettirishga kelishib oldilar.
Mazkur tashrif Jizzax viloyati bilan Xitoyning yetakchi kompaniyalari o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, zamonaviy texnologiyalarni jalb etish va hududda yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
