Jizzaxda xotin-qizlar o‘rtasida ommaviy velomarafon o‘tkazildi
2026-08-01 08:35:00 / Yangiliklar

Ma’lumki, joriy yilning 7-aprel kuni Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan jismoniy tarbiya va sport sohasidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishni, avvalo, davlat organlari va tashkilotlari xodimlaridan boshlash, mehnat jamoalarida jismoniy faollikni oshirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berilgan edi. Shu asosda tashkilot va muassasalarda haftaning bir kuni «Sport kuni» sifatida o‘tkazilib, xodimlarning ommaviy sport mashg‘ulotlarida ishtirokini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ana shu ezgu maqsadlar ijrosi doirasida juma kuni erta tongdan Jizzax shahridagi «Yoshlar shaharchasi» maydonida xotin-qizlar o‘rtasida ommaviy velomarafon tashkil etildi.
Tadbir Jizzax viloyati Oila va xotin-qizlar boshqarmasi tomonidan «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi hamda O‘zbekiston Ekologik partiyasi viloyat kengashlari bilan hamkorlikda o‘tkazildi.
Velomarafonda 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan 300 nafardan ortiq davlat tashkilotlari xodimlari, havaskor sportchi qizlar va uy bekalari ishtirok etib, uch yosh toifasi bo‘yicha o‘zaro bellashdilar. Musobaqa davomida ishtirokchilar yuqori kayfiyat, shijoat va g‘alabaga intilish namunasini namoyon etdi. Do‘stona muhit va sog‘lom raqobat ruhida kechgan bellashuvlar barcha ishtirokchilarga unutilmas taassurotlar ulashdi.
Taqdirlash marosimida Jizzax viloyati hokimining o‘rinbosari, viloyati Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Gulnora Normurodova, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari Nazira Muxtorova va Gulchehra Tajibayeva, «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Jizzax viloyati kengashi raisi Dilshod Mirzamuhammedov hamda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Jizzax viloyati kengashi raisi Akram Rahmonqulov ishtirok etdilar.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda xotin-qizlarning sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun keng imkoniyatlar yaratilayotgani, ommaviy sportni rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladilar.
Shuningdek, bunday musobaqalar xotin-qizlar salomatligini mustahkamlash, faol va sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, mehnat unumdorligi va ijtimoiy faolligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Tadbir yakunida musobaqada g‘olib va sovrindor bo‘lgan ishtirokchilar, shuningdek, faol qatnashgan xotin-qizlar tashkilotchilar tomonidan diplom, esdalik sovg‘alari va qimmatbaho tuhfalar bilan taqdirlandilar.
