Jizzaxda «ta’lim hududlari» loyihasi 200 dan ortiq ishtirokchiga yangi imkoniyatlar yaratdi
2026-07-31 09:05:00 / Yangiliklar

Loyiha Germaniyaning Xalq universitetlari nemis assotsiatsiyasi DVV Internationalning O‘zbekistondagi filiali tomonidan ajratilgan 6 ming yevro grant mablag‘i hisobidan moliyalashtirilib, viloyat «Qalb nuri» markazi hamda viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi hamkorligida amalga oshirildi.
Loyihaning yakunlariga bag‘ishlangan sarhisob yig‘ilishi viloyat hokimligi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlari uyida bo‘lib o‘tdi. Unda Oila va xotin-qizlar boshqarmasi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, «Tadbirkor ayol» ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi, Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbir doirasida o‘quv kurslari qatnashchilari tomonidan tayyorlangan hunarmandchilik va amaliy san’at namunalari ko‘rgazmasi tashkil etildi. Shuningdek, ikki oylik o‘quv dasturlarida faol qatnashib, hunarmandchilik, tadbirkorlik va IT yo‘nalishlarida amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lgan 86 nafar xotin-qizga sertifikatlar topshirildi.
Tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Gulnora Normurodova xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘rgatish, ularning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlash va bandligini oshirish masalalariga to‘xtaldi.
— Kambag‘allikni qisqartirishning eng samarali yo‘li insonga bilim va kasb berishdir. Ayniqsa, xotin-qizlarning kasbiy salohiyatini yuksaltirish orqali oilalarning iqtisodiy barqarorligini mustahkamlash mumkin, — dedi u.
Qayd etilganidek, ayrim hududlarda yangi ish o‘rinlari yaratilayotganiga qaramasdan, aholining mehnatga bo‘lgan qiziqishini yanada kuchaytirish dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda. Shu bois kasb-hunar o‘quvlarini mahallalarning o‘zida tashkil etish, muvaffaqiyatli tajribalarni keng ommalashtirish va aholining real ehtiyojlariga asoslangan loyihalarni amalga oshirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Viloyat «Qalb nuri» markazi direktori Nodira Alimovaning ta’kidlashicha, loyiha doirasida Jizzax shahrining Kimyogar mahallasi hamda Paxtakor tumanida maxsus ta’lim hududlari tashkil etildi. Tashkilotchilar mahallalarda xonadonbay targ‘ibot ishlarini olib borib, aholini o‘quv jarayonlariga keng jalb qildi. Bu esa qisqa muddat ichida kurslarga qiziqishni oshirish va ishtirokchilar qamrovini kengaytirish imkonini berdi.
Loyiha doirasida raqamli va mediasavodxonlik, tadbirkorlik, hunarmandchilik, moliyaviy savodxonlik hamda shaxsiy rivojlanishga bag‘ishlangan 20 ta mahorat darsi tashkil etildi. Mashg‘ulotlarga davlat idoralari, bank muassasalari, tadbirkorlar uyushmalari, sog‘liqni saqlash va huquq sohasi mutaxassislari jalb qilindi.
Natijada 200 nafardan ortiq ishtirokchi yangi bilim va amaliy ko‘nikmalarni egalladi. Ularning bir qismi tadbirkorlar huzurida shogird sifatida mehnat faoliyatini boshlagan bo‘lsa, yana bir qismi hunarmandchilik va xizmat ko‘rsatish sohalarida dastlabki buyurtmalarini qabul qilib, mustaqil daromad manbaini shakllantirishga muvaffaq bo‘ldi.
Tadbir ishtirokchilari ta’kidlaganidek, mazkur loyihaning eng muhim natijasi o‘tkazilgan mashg‘ulotlar yoki berilgan sertifikatlar emas, balki ishtirokchilarda o‘z kuchiga ishonch, mehnat qilishga intilish va iqtisodiy mustaqillikka erishish istagining mustahkamlanganidir.
