Jizzaxda “BMB AGRO PLUS” korxonasi ochildi
2024-08-27 16:40:00 / Yangiliklar
Ochilish marosimida viloyat hokimining mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalari boʻyicha yordamchisi Sarvar Abdullayev, BMB HOLDING Kuzatuv Kengashi raisi Bekzod Mamatqulov, jamaoatchilik vakillari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Barchamizga maʼlumki, qishloq xoʻjaligi yoʻnalishi iqtisodiyotimizning muhim tarmoqlaridan biri hisoblanadi. Serquyosh zaminimizda yetishtirilgan meva-sabzavotlar va poliz mahsulotlari nafaqat yurtimizda balki MDH va Yevropa mamlakatlarida ham oʻz oʻrniga ega.
-“BMB HOLDING tomonidan holding tarkibidagi oziq-ovqat va meva-sabzavot klasterlarida yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini zamonaviy texnologiyalar asosida sifatli va raqobatbardosh tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish, chuqur qayta ishlash orqali qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratish, saqlash va sotish (eksport) jarayonlarini keng tadbiq etish maqsadida “BMB Agro Plus” korxonasi, xususan, “Oʻzsanoatqurilishbank” aksiyadorlik tijorat banki kredit mablagʻlari asosida Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida umumiy qiymati 34,6 mln dollar boʻlgan loyiha amalga oshirildi,”-deydi BMB HOLDING Kuzatuv Kengashi raisi Bekzod Mamatqulov.
Korxonadagi Belgiya, Avstriya, Italiya, Turkiya va Xitoy davlatlarining yetakchi kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan zamonaviy uskunalar yiliga 40 ming tonnadan ortiq meva-sabzavot mahsulotlarini chuqur qayta ishlash imkoniyatini beradi.
Xususan, yiliga 21 ming tonna mahsulot birlamchi qayta ishlanadi, mahsulotlarni quritish natijasida 12,5 ming tonna hamda 5 ming tonna pyure, djem, tomat va boshqalar uchun homashyo ishlab chiqariladi, 50 ming tonna dukkakli mahsulotlar saralanib, 1500 tonna mahsulot shok va akustika usulda muzlatilishi rejalashtirilgan.
Loyiha ikki bosqichdan iborat boʻlib, birinchi bosqichda meva-sabzavotlarni birlamchi chuqur qayta ishlash, xususan, murabbo, konserva, pyure va pasta kabi chuqur qayta ishlangan mahsulotlar ishlab chiqarish hamda quritish, ikkinchi bosqichda esa sublimatsion usulda quritish liniyasi, shok va akustika usulda muzlatish jarayonlarini yoʻlga qoʻyish koʻzda tutilgan. Shuningdek, loyiha doirasida 400 dan ortiq ish oʻrinlari yaratiladi.
Mazkur ishga tushirilgan loyiha, Holding tomonidan hudud aholisi uchun mustaqilligimizning 33 yillik shodiyonasi arafasida munosib sovgʻa boʻldi.