G‘ALLAOROLDA INNOVATSION BOG‘DORCHILIK RIVOJLANMOQDA
2026-07-13 11:00:00 / Yangiliklar

Shu maqsadda BMB HOLDING tarkibidagi BMB GARDENS korxonasi tomonidan G‘allaorol tumanida suv ta’minoti cheklangan, uzoq yillar davomida foydalanilmagan lalmi yerlarni o‘zlashtirish hamda intensiv bog‘dorchilikni rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Tumanning «Chayanli” mahallasi hududida «yashil iqtisodiyot” tamoyillari asosida tashkil etilgan intensiv bog‘ loyihasi hudud agrar salohiyatini yuksaltirish, zamonaviy sanoat bog‘dorchiligi infratuzilmasini shakllantirish hamda foydalanilmagan yerlarni samarali iqtisodiy aylanmaga kiritishga xizmat qilmoqda.
Loyihaning o‘ziga xos jihati shundaki, xorijdan keltirilgan hamda in vitro laboratoriya texnologiyasi asosida yetishtirilgan yuqori eksportbop «Baterma” navli olcha (gilos) ko‘chatlari mahalliy iqlim sharoitiga moslashtirilgan holda ekilgan. Ushbu ko‘chatlar kasalliklarga chidamliligi, erta hosilga kirishi va lalmi yer sharoitiga yuqori darajada moslashuvchanligi bilan ajralib turadi.
Suv resurslaridan oqilona foydalanish maqsadida bog‘da to‘liq avtomatlashtirilgan tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etilgan. Bu texnologiya suv sarfini sezilarli darajada qisqartirish bilan birga, o‘g‘it va ozuqa moddalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘simlik ildiziga yetkazish imkonini beradi. Natijada tuproq eroziyasining oldi olinib, hatto murakkab iqlim sharoitida ham ko‘chatlarning barqaror o‘sishi ta’minlanmoqda.
Loyiha to‘liq quvvatda ishga tushirilgach, yuqori hajmda eksportbop mahsulot yetishtirish, tashqi bozorlarga yetkazib berish hajmini oshirish hamda mahalliy aholi uchun yangi doimiy va mavsumiy ish o‘rinlarini yaratish imkoniyati kengayadi.
G‘allaorol tumanida innovatsion texnologiyalar asosida barpo etilayotgan bunday intensiv bog‘lar mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, eksport salohiyatini oshirish va suv resurslaridan samarali foydalanish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy samarasidir.
