"Green Farm" — Jizzax qishloq xo‘jaligi uchun yangi imkoniyatlar eshigi
2026-07-10 17:00:00 / Yangiliklar

Jizzax viloyati hokimi Ulug‘bek Mustafoyev mazkur kompaniya vakillari bilan o‘tkazgan uchrashuvda viloyatda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan "Green Farm" loyihasining mazmun-mohiyati, uning amaliy ahamiyati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Loyihaning asosiy maqsadi qishloq xo‘jaligida suv ta’minotini yaxshilash, yer unumdorligini oshirish va ilg‘or agrotexnologiyalarni joriy etish orqali fermerlar mehnati samaradorligini yuksaltirish hamda aholi farovonligini oshirishdan iborat. Eng muhimi, mazkur tashabbus tijorat manfaatini emas, balki ijtimoiy ahamiyatga ega infratuzilma loyihasi sifatida mahalliy aholi va fermerlar manfaatlariga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Loyiha doirasida suv resurslarini boshqarishning yangi mexanizmlarini joriy etish, aholi va qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun zamonaviy suv tozalash tizimlarini o‘rnatish, yuqori samaradorlikka ega suv filtrlarini mahalliy sharoitda ishlab chiqarish va ularga servis xizmatini tashkil etish rejalashtirilgan.
Shuningdek, tuproq unumdorligini oshiruvchi innovatsion materiallarni ishlab chiqarish, chorvachilik uchun mustahkam ozuqa bazasini shakllantirish, IOT texnologiyalari asosida suv sifati monitoringini yo‘lga qo‘yish hamda zamonaviy agrotexnologiyalar bo‘yicha mahalliy mutaxassislarni tayyorlash ham loyihaning ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilangan.
Uchrashuv davomida viloyat hokimi Jizzaxning tabiiy sharoiti va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda qator muhim takliflarni ilgari surdi. Jumladan, "Yashil makon" umummilliy dasturi doirasida qir-adir hududlarini ko‘kalamzorlashtirish, suv tanqisligi kuzatiladigan maydonlarda tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini keng qo‘llash, ichimlik suvi hamda oqova suvlarni Koreyaning ilg‘or texnologiyalari asosida tozalash tizimlarini joriy etish, suvning qattiqlik darajasini kamaytirish, shuningdek, Aydarko‘lning sho‘r suvini qishloq xo‘jaligida foydalanish mumkin bo‘lgan darajada chuchuklashtirish bo‘yicha ilmiy-amaliy izlanishlarni tashkil etish muhimligini ta’kidladi.
Mazkur tashabbus nafaqat qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirish, balki suv resurslarini tejash, ekologik muvozanatni saqlash va "Yashil makon" dasturi maqsadlarini ro‘yobga chiqarishga ham munosib hissa qo‘shadi. Loyihada atrof-muhit muhandisligi sohasida katta tajribaga ega mutaxassislar ishtirok etayotgani esa uning ilmiy va texnik jihatdan puxta ishlab chiqilayotganidan dalolat beradi.
Xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, innovatsion yechimlarni amaliyotga tatbiq etish va ilg‘or texnologiyalarni jalb qilish orqali Jizzax viloyatida qishloq xo‘jaligining yangi bosqichga ko‘tarilishi uchun mustahkam zamin yaratilmoqda. "Green Farm" loyihasi esa ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qiladigan istiqbolli tashabbuslardan biri sifatida e’tirof etilmoqda.






