Mavsumning ikkinchi qismi "So‘g‘diyona" uchun muvaffaqiyatli kechadimi?
2026-07-10 10:00:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston milliy chempionati AQSH, Kanada va Meksika mezbonligida o‘tayotgan futbol bo‘yicha Jahon chempionati munosabati bilan tanaffusga chiqilgan bir paytda jamoa mavsumning ikkinchi qismida muvafffaqiyatli qatnashish uchun har tomonlama puxta hozirlik ko‘rishni boshladi. Bu nafaqat jismoniy va taktik tayyorgarlikni oshirish, balki tarkibni kuchaytirish hamda mavjud kamchiliklarni bartaraf etish uchun ham muhim imkoniyat bo‘lmoqda.
Ayniqsa, kuni kecha rasman boshlangan yozgi transfer oynasi “So‘g‘diyona” uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Klub rahbariyati tarkibda bir qator o‘zgarishlarni amalga oshirish, jamoani yanada raqobatbardosh qilish yo‘lida amaliy ishlarni boshlab yubordi.
Bugungi kunda Superligada 16 jamoa ishtirok etayotgan bo‘lsa, jizzaxliklar turnir jadvalida atigi 15-pog‘onadan o‘rin olgan. Bu esa keyingi yillarda mamlakat futbolida munosib o‘rin egallab, xalqaro maydonlarda ham O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilib kelgan klubning salohiyati va nufuziga mutlaqo mos kelmaydi. Shu bois chempionatning ikkinchi qismida vaziyatni tubdan o‘zgartirish nafaqat jamoa bosh murabbiyligiga qaytgan Ulug‘bek Baqoyev, balki klub rahbariyati va futbolchilarning ham oldida turgan eng muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
Mavsumning hal qiluvchi bosqichiga tayyorgarlik doirasida “So‘g‘diyona” avval o‘z qarorgohida mashg‘ulotlarni boshladi. Shundan so‘ng joriy yilning 21 iyunidan boshlab Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida yozgi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazdi.
Yig‘in davomida jamoa bir nechta nazorat uchrashuvlarida ishtirok etib, o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazdi. Dastlab “FK Dushanbe” ustidan 4:1 hisobida ishonchli g‘alaba qozonildi. Bu bahsda Abdulaziz Abdurashidov ikki marta raqib darvozasini ishg‘ol qilgan bo‘lsa, Jamshid Boltaboyev va Sardor Erkinov ham bittadan gol muallifi bo‘lishdi.
Keyingi nazorat uchrashuvida Dushanbe shahrining SSKA jamoasi bilan 1:1 hisobida durang qayd etildi. Jizzaxliklarning yagona golini Oybek Nurmatov kiritdi.
Yig‘in doirasidagi so‘nggi bahsda esa Tojikistonning kuchli klublaridan biri — Mirzo Tursunzoda shahrining “Regar-Tadaz” jamoasi 2:0 hisobida mag‘lub etildi. Gollarga Behruz Asqarov hamda jizzaxliklar tarkibidagi tojikistonlik legioner Zoir Jo‘raboyev mualliflik qildi.
Ushbu yig‘in futbolchilarning jismoniy tayyorgarligini yanada mustahkamlash, taktik harakatlarni takomillashtirish va mavsumning ikkinchi qismi oldidan tarkibdagi o‘zaro uyg‘unlikni oshirishga xizmat qildi. Endi jamoa tayyorgarlikning keyingi bosqichini O‘zbekistonda davom ettiradi.
Transfer bozorida ham muhim qarorlar qabul qilinmoqda. Keyingi yillarda “So‘g‘diyona”ning eng muhim figuralaridan biriga aylangan, Superliganing eng samarali legionerlari qatorida e’tirof etilayotgan Lyupcho Doriyev bilan hamkorlik yanada uzaytirildi. Yangi shartnomaga muvofiq, mahoratli hujumchi 2030-yilning 31 dekabriga qadar Jizzax klubi sharafini himoya qiladi.
2023-yil yozida “So‘g‘diyona” safiga kelib qo‘shilgan shimoliy makedoniyalik hujumchi qisqa vaqt ichida jamoaning haqiqiy yetakchisiga aylandi. U hozirga qadar Superligada 74 uchrashuvda ishtirok etib, 38 ta gol urdi va yana 21 ta golli uzatmaga mualliflik qildi. Bu ko‘rsatkichlar uni nafaqat jamoaning, balki mamlakat chempionatining eng samarali futbolchilaridan biri sifatida namoyon etmoqda.
Ayni paytda tarkibni yangilash jarayoni doirasida ayrim futbolchilar bilan ham xayrlashildi. Klub hamda legionerlar Aleksandar Boliyevich, Nikola Mirkovich va Feysal Mulich o‘rtasidagi mehnat shartnomalari o‘zaro kelishuv asosida bekor qilindi.
