🎥 Videoreportaj: Jizzax usuli asosidagi innovatsion yondashuvlar samarasi ularoq g‘alla rejasi 15 kunda bajarildi
2026-06-22 16:00:00 / Yangiliklar

Yig‘ilishda viloyat rahbari, avvalo, barcha g‘allakorlarni mamlakatda birinchilardan bo‘lib shartnomaviy rejani atiga 15 ish kunida bajargani bilan samimiy tabrikladi.
— Avvalo, barchangizni respublikada birinchilardan bo‘lib g‘alla bo‘yicha shartnomaviy rejani 15 ish kunida bajarganingiz bilan tabriklayman. Erishilgan natijalar ortida fermerlar, dehqonlar va barcha mehnatkashlarning fidokorona mehnati mujassam, — dedi Ulug‘bek Mustafoyev.
Joriy yilda viloyatda jami 180,4 ming gektar maydonga boshoqli don ekinlari ekildi. Shundan 80,4 ming gektari sug‘oriladigan, 100 ming gektari lalmi yerlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Mazkur maydonlardan 950 ming tonnadan ziyod don yetishtirish rejalashtirilgan bo‘lib, uning umumiy qiymati qariyb 3 trillion so‘mni tashkil etadi. Bugungi kunga qadar sug‘oriladigan maydonlarning 69,4 ming gektarida o‘rim-yig‘im yakunlanib, o‘rtacha hosildorlik 100–120 sentnerni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yildagi 85 sentnerlik natijadan ancha yuqori.
Qolgan maydonlardan yana 100 ming tonnadan ziyod hosil olinishi kutilmoqda. Joriy yilda viloyatda 126 nafar fermer har gektardan 100 sentnerdan ortiq g‘alla hosili yetishtirishga erishdi. Qolgan fermer xo‘jaliklarining aksariyatida hosildorlik 85–90 sentner atrofida bo‘ldi.
Jumladan, Mirzacho‘l tumanidagi “Quyoshli vodiy” fermer xo‘jaligi — 120 sentner, Zarbdor tumanidagi “Yutuq maydoni” — 109 sentner, Paxtakor tumanidagi “Muhammadkarim shodosi” — 106 sentner, Do‘stlik tumanidagi “Javohir jamoli” — 105 sentner, Zafarobod tumanidagi “Madadkor qush” — 105 sentner, Arnasoy tumanidagi “Suyunov Sardor” — 102 sentner va Sharof Rashidov tumanidagi “Shermat” fermer xo‘jaligi 101 sentner hosildorlikka erishdi.
Yig‘ishtirib olingan hosilning 263,9 ming tonnasi don qabul maskanlariga topshirildi. Bu belgilangan rejaga nisbatan 102,4 foizni tashkil etdi. Shundan 119,5 ming tonna davlat resursi uchun, 128 ming tonna vaqtinchalik saqlash uchun va 16,4 ming tonna urug‘lik sifatida qabul qilindi. Bundan tashqari, qo‘shimcha 30 ming tonna don topshirilishi rejalashtirilgan.
Fermer xo‘jaliklari tomonidan 56 ming tonna g‘alla xo‘jalik ishchilari hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga xayriya tariqasida tarqatildi.
G‘alladan bo‘shagan maydonlardan 8 ming nafar ishchiga 22 ming gektar, ijtimoiy daftarlarda ro‘yxatda turgan 10,7 ming nafar fuqaroga 10,1 ming gektar, jumladan, 1,6 ming nafar yoshga 1,4 ming gektar yer maydoni takroriy ekin ekish uchun ajratib berildi. Bu esa aholi bandligini ta’minlash, qo‘shimcha daromad manbalarini yaratish va oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Mavsum davomida qator innovatsion yondashuvlar qo‘llanildi. Yuqori hosildor navlar katta maydonlarga joylashtirilib, mineral o‘g‘itlar bilan to‘liq ta’minlandi. Kasallik va zararkunandalarga qarshi agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida amalga oshirildi.
Sharof Rashidov va Paxtakor tumanlarida dronlar yordamida, Arnasoy tumanida esa boshqaruvsiz agregatlar orqali ishlov berish bo‘yicha ilg‘or tajribalar sinovdan muvaffaqiyatli o‘tdi.
Suv ta’minoti og‘ir hududlarga alohida e’tibor qaratilib, 35 ming gektar maydonga suv yetkazib berildi. Buning uchun 176 kilometr kanal tozalandi, 109 kilometr lotok ta’mirlandi, 30 ta gidrotexnik inshoot va 17 ta nasos o‘rnatildi.
Shuningdek, 50 ga yaqin yangi don o‘rish kombaynlari xarid qilinib, o‘rim jarayonlari GPS texnologiyalari va kuzatuv kameralari asosida tashkil etildi.
Mazkur “Jizzax usuli” natijasida kombaynlar faoliyati to‘liq nazoratga olinib, ularning samaradorligi oshirildi hamda hosilni qisqa muddatda yo‘qotishlarsiz yig‘ib olish imkoniyati yaratildi.
Mutaxassislar hisob-kitoblariga ko‘ra, aynan shu yondashuv tufayli 84 ming tonna, ya’ni 269 milliard so‘mlik qo‘shimcha hosil saqlab qolindi.
G‘alladan bo‘shagan maydonlarga shudgor qilmasdan 30 ming gektar mosh va 30 ming gektar makkajo‘xori ekish rejalashtirilgan. Bu maqsadda Xitoy tajribasi asosida maxsus seyalkalar olib kelinib, amaliyotga joriy etilmoqda.





