Xalqaro media maktabda jizzaxlik jurnalist ishtirok etdi
2026-06-22 08:30:00 / Yangiliklar

Keng ko‘lamli ta’lim loyihasi O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Armaniston va Hamdo‘stlikning boshqa davlatlaridan 100 nafardan ortiq yosh jurnalist, bloger va media mutaxassislarini birlashtirdi.
Ishtirokchilar orasida Jizzax viloyati vakili — jurnalist, viloyat Avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi matbuot kotibi Sardor Hamraqulov ham bor edi.
To‘rt kun davomida qatnashchilar jurnalistikaning zamonaviy tendensiyalari bilan tanishdilar, media sohada sun’iy intellekt imkoniyatlarini o‘rgandilar, shaxsiy brendni rivojlantirish bo‘yicha bilim oldilar, tajriba almashdilar hamda raqamli ommaviy axborot vositalarining kelajagini muhokama qildilar.
Mashg‘ulotlar ochiq muloqotlar, mahorat darslari va amaliy treninglar shaklida tashkil etildi. O‘z bilim va tajribalari bilan MDH mamlakatlarining taniqli ekspertlari va media sohasi mutaxassislari o‘rtoqlashdilar. Ayniqsa, bugungi kunda jurnalistlar va blogerlar faoliyatini tubdan o‘zgartirayotgan yangi texnologiyalarga alohida e’tibor qaratildi.
Ta’lim dasturidan tashqari ishtirokchilar Bishkek shahri bilan ham yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Shaharning ko‘rkamligi, yashil hududlari, zamonaviy qiyofasi, aholining mehmondo‘stligi va obod ko‘chalari mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Forumning eng yorqin voqealaridan biri Sardor Hamraqulovning Bishkek shahri meri Aybek Junushaliyev bilan o‘tkazgan intervyusi bo‘ldi. Suhbat davomida O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi hamkorlik, yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, gumanitar aloqalarni rivojlantirish hamda xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashda jurnalistikaning o‘rni haqida fikr almashildi.
Sardor Hamraqulov o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashar ekan, shunday dedi:
— Men uchun media-maktabda ishtirok etish katta tajriba bo‘ldi. Bu yerda turli mamlakatlardan kelgan iqtidorli jurnalistlar bilan tanishdim, yangi bilimlarga ega bo‘ldim va zamonaviy jurnalistika qanchalik tez o‘zgarib borayotganini ko‘rdim. Ayniqsa, hamkasblar va ekspertlar bilan yuzma-uz muloqot qilish juda qadrli bo‘ldi. Bunday uchrashuvlar nafaqat kasbiy jihatdan o‘sishga, balki xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashga ham xizmat qiladi.
Uning ta’kidlashicha, media-maktab yangi tanishuvlar, g‘oyalar almashinuvi va qo‘shma loyihalarni shakllantirish uchun muhim maydon vazifasini o‘tadi. Ko‘plab yosh jurnalistlar kelgusida hamkorlik qilish va birgalikdagi tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishdilar.
Bunday xalqaro loyihalar yosh mutaxassislarning kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish, ularning dunyoqarashini kengaytirish va turli mamlakatlar media hamjamiyati vakillari o‘rtasida mustahkam aloqalarni yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi.
Jizzaxlik jurnalistning nufuzli xalqaro loyihada ishtirok etishi O‘zbekiston yoshlari jahon axborot makonida faol ishtirok etayotgani va doimiy ravishda kasbiy rivojlanishga intilayotganining yana bir isbotidir.
