Baxmal tumanida faoliyat yuritayotgan “Exact Academy” o‘quv markazi faoliyati bilan hokim tanishdi
2026-06-15 09:15:00 / Yangiliklar

Hozir esa davlat ko‘magi tufayli ular nafaqat o‘qituvchi, balki ta’lim sohasida tadbirkor sifatida ham o‘z o‘rnini topmoqda.
Jizzax viloyatining Baxmal tumanida faoliyat yuritayotgan “Exact Academy” o‘quv markazi ana shunday ezgu tashabbuslarning amaliy samarasi sifatida e’tirof etilmoqda. Tuman hokimi Aziz Ergashev markazda bo‘lib, yoshlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, ta’lim sifati va amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
Loyiha doirasida xorijiy tillar bo‘yicha C1 darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan yoshlarga 130 million so‘mgacha foizsiz ssuda ajratilayotgani yuzlab tashabbuskor yoshlarning o‘z o‘quv markazlarini tashkil etishiga zamin yaratmoqda. Eng muhimi, bu mablag‘ faqat bir tadbirkorning emas, balki o‘nlab yoshlarning kelajagiga yo‘naltirilgan sarmoyadir.
Baxmaldagi “Exact Academy” faoliyatiga nazar tashlar ekanmiz, davlat tomonidan berilgan imkoniyat qanday qilib natijaga aylanishini ko‘ramiz. Zamonaviy sinfxonalar, bilimli ustozlar va ta’lim olishga chanqoq yoshlar — bularning barchasi “Ko‘mak” loyihasining hayotiy samarasidir.
Bugun bu yerda til o‘rganayotgan yoshlar ertaga xalqaro universitetlar talabasi, nufuzli tashkilotlar mutaxassisi yoki o‘z sohasining yetakchisi bo‘lib yetishishi mumkin. Shu ma’noda, “Exact Academy” faqat ta’lim markazi emas, balki yoshlar orzulariga qanot berayotgan maskan hisoblanadi.
Bitta markaz misolida ko‘rinayotgan bu natija mamlakatimizda inson kapitaliga qaratilgan e’tibor, yoshlarga bo‘lgan ishonch va ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash siyosati izchil davom etayotganining yana bir amaliy isbotidir.
