Jizzax viloyati delegatsiyasi Janubiy Koreya kompaniyalari bilan infratuzilma sohasida hamkorlikni muhokama qildi
2026-06-13 15:00:00 / Yangiliklar

Uchrashuvlar davomida delegatsiya a’zolari mazkur kompaniyalarning faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Xususan, “DooHyun Engineering Construction Co., Ltd” kompaniyasi Koreyaning turli shaharlarida aholi oqova suvlarini yig‘ish va chiqarish tizimiga ixtisoslashgan 28 ta inshoot filialiga ega ekani qayd etildi.
Olib borilgan muzokaralar chog‘ida Jizzax viloyati infratuzilmasini yanada takomillashtirish, aholi oqova suvlarini yig‘ish, tozalash va qayta ishlash, shuningdek, tozalangan suvdan qishloq xo‘jaligidagi sug‘oriladigan yer maydonlarini suv bilan ta’minlashda samarali foydalanishga qaratilgan loyihani amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunlari bo‘yicha mazkur loyihani Jizzax viloyatida amalga oshirish yuzasidan dastlabki kelishuvga erishildi. Shuningdek, kompaniya vakillarining joriy yil iyul oyida viloyatga tashrif buyurib, loyihani amaliy jihatdan o‘rganishi hamda hamkorlikning keyingi bosqichlarini belgilashi rejalashtirilgan.
Mazkur hamkorlik Jizzax viloyatida kommunal infratuzilmani modernizatsiya qilish, suv resurslaridan samarali foydalanish va qishloq xo‘jaligi sohasida zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga xizmat qilishi kutilmoqda.






