Jizzaxda yangi Kia K3 avtomobili ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yildi
2026-04-27 16:20:00 / Yangiliklar

Avtomobilni ishlab chiqarish ADM Jizzakh zavodida tashkil etildi. Hozirda bu yerda yangi ishlab chiqarish liniyalarini ishga tushirish ishlari to‘liq yakunlangan. Loyiha Kia’ning xalqaro texnologik standartlari asosida amalga oshirilib, butlovchi qismlarni tayyorlashdan tortib, yakuniy sifat nazoratigacha bo‘lgan barcha jarayonlarni qamrab oladi.
Yangi sedan keng doiradagi haydovchilar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, kundalik foydalanishga qulayligi, zamonaviy dizayni, shinam salon va ilg‘or raqamli yechimlari bilan ajralib turadi.
ADM kompaniyalar guruhi bosh direktori Daniyar Davletiyarov ta’kidlaganidek, ushbu model ishga tushirilishi kompaniya rivojlanishida yangi bosqichni boshlab beradi.
Jizzax viloyati hokimi Ulug‘bek Mustafoyev ham yangi loyihaga bag‘ishlangan tadbirda so‘zga chiqib, hududdagi sanoat taraqqiyotiga alohida to‘xtaldi. Viloyat hokimining ta’kidlashicha, so‘nggi o‘n yilda Jizzax viloyati mamlakatning eng tez rivojlanayotgan industrial markazlaridan biriga aylandi. Ilgari asosan qishloq xo‘jaligiga tayangan iqtisodiyot bugungi kunda yuqori texnologiyali ishlab chiqarish va mashinasozlik yo‘nalishiga izchil o‘tmoqda.
Ayni paytda viloyatda avtomobilsozlik sanoati jadal rivojlanib, Kia bilan bir qatorda BYD kabi yirik brendlar modellari ham ishlab chiqarilmoqda.
So‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar natijasida “ADM Jizzakh” MCHJ qisqa vaqt ichida mamlakatdagi yirik avtomobilsozlik korxonalaridan biriga aylandi. Agar 2021-yilda korxonada 4,6 mingta avtomobil ishlab chiqarilgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib bu ko‘rsatkich 46 mingtadan oshib, 12,2 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi.
Mazkur natijalar Jizzax viloyati yalpi hududiy mahsulotining 36 foizini va sanoat ishlab chiqarish hajmining 54 foizini tashkil etmoqda. Bu avtomobilsozlik tarmog‘ining hudud iqtisodiyotidagi yetakchi o‘rnini yaqqol namoyon etadi.
Ilgari 226 million dollar investitsiya hisobiga Kia Sonet avtomobilini to‘liq siklda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, endilikda yangi Kia K3 modeli uchun 65 million dollar investitsiya kiritildi. Shuningdek, 100 million dollardan ortiq sarmoya evaziga mahalliylashtirish klasteri tashkil etilib, o‘rindiqlar, plastik detallar, rezina zichlagichlar hamda lak-bo‘yoq mahsulotlari ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.
Viloyatdagi ikki avtomobil zavodi bugun mahalliylashtirish jarayonlarida “lokomotiv” vazifasini bajarmoqda. Ularning atrofidagi hududlarda kooperatsiya asosida yangi ishlab chiqarishlar tashkil etilmoqda.
Bundan tashqari, “Jizzax” kimyo texnoparkida xorijiy investorlar bilan hamkorlikda avtomobil kabellari va filtrlari ishlab chiqarish bo‘yicha yangi loyihalar amalga oshirilmoqda. Ushbu tashabbuslar yuzlab yangi ish o‘rinlari yaratilishiga xizmat qiladi.
Umuman olganda, ishlab chiqarish quvvatlarining kengayishi aholi bandligini ta’minlash, ayniqsa, mehnat bozoriga yangi kirib kelayotgan yoshlar uchun doimiy ish o‘rinlari yaratishda muhim omil bo‘lmoqda.






