Jizzaxda xotin-qizlar bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda
2026-03-10 09:00:00 / Yangiliklar

Xususan, 2025-yilda 62 ming nafar xotin-qizning bandligini ta’minlash rejalashtirilgan bo‘lsa, amalda 100 ming nafardan ortiq ayolning ish bilan ta’minlanishiga erishildi. Bu belgilangan rejaning 162 foizga bajarilganini ko‘rsatadi.
Xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 21 ming 157 nafar ayolga jami 556,2 milliard so‘m miqdorida kredit mablag‘lari ajratildi. Imtiyozli kreditlar hisobiga 10 ming 744 nafardan ortiq ayol tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tdi. Ulardan 8 ming 59 nafari yuridik shaxs sifatida, 2 ming 685 nafari esa yakka tartibdagi tadbirkor sifatida faoliyat boshladi.
Shuningdek, viloyatda pillachilik sohasi ham xotin-qizlar bandligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi. Joriy yilda 16 ming 669 quti (1000 tonna) pilla yetishtirilib, ushbu soha orqali 40 ming nafar xotin-qizning bandligi ta’minlandi.
Xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashda “Ayollar daftari” tizimi muhim ahamiyat kasb etmoqda. So‘nggi besh yil davomida mazkur tizim orqali 187 ming 457 nafar ayolga kafolatlangan ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatildi. Barcha manbalar hisobidan 6 toifada ro‘yxatga olingan xotin-qizlarga jami 181 milliard so‘mlik yordam ajratildi.
Jumladan, 2025-yilning o‘zida 46 ming nafar opa-singillarga 38 milliard so‘mlik amaliy yordam ko‘rsatildi. Shu bilan birga, 65 nafar xotin-qizning uy-joy sharoiti 279 million so‘m mablag‘ hisobiga yaxshilandi.
Oliy ta’limga kirish imkoniyatlarini kengaytirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Oxirgi yillarda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalardan bo‘lgan 2 ming 978 nafar talaba xotin-qizning 7 milliard 634 million so‘mlik kontrakt to‘lovlari qoplab berildi. Shuningdek, ehtiyojmand oilalardagi 1000 nafardan ortiq qizlar uchun oliy ta’lim muassasalariga kirish bo‘yicha tavsiyanomalar berildi.
Bu ishlar natijasida bugungi kunda Jizzax viloyatida oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan xotin-qizlar ulushi qariyb 55 foizga yetdi.
Joriy yilda Oila va xotin-qizlar tizimi tashabbusi bilan tadbirkor ayollar hamda tadbirkorlikni boshlash istagida bo‘lgan xotin-qizlar o‘rtasida “Eng yaxshi ijtimoiy loyihalar” tanlovi o‘tkazildi. Tanlov doirasida viloyatdagi 304 ta mahallaning har biriga 25 million so‘mgacha vaucherlar taqdim etildi.
Mazkur tashabbuslar natijasida har bir mahalladan o‘rtacha 3–4 nafardan, jami 1000 nafarga yaqin qishloq ayollarining bandligi ta’minlanishi kutilmoqda.
