Gurlan tumani prokurorining axborot texnologiyalari sohasida jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha aholiga murojaatnomasi
2026-03-30 14:50:00 / Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha targ'ibot materiallari

Hurmatli Gurlan tumani aholisi!
So‘nggi yillarda axborot texnologiyalarining jadal rivojlanishi inson hayotini еngillashtirish bilan bir qatorda, yangi turdagi jinoyatlar – kiberjinoyatlarning ko‘payishiga ham sabab bo‘lmoqda. Afsuski, bunday jinoyatlar bizning tumanimizni ham chetlab o‘tmayapti.
Jumladan, 2026-yil 20-mart holatiga ko‘ra, Gurlan tumanida jami 31 ta kiberjinoyat sodir etilgan bo‘lib, ularning:
-20 tasi – o‘g‘irlik,
-10 tasi – firibgarlik,
-1 tasi – haqorat holatlaridan iborat.
Bu ko‘rsatkichlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3 tadan 31 taga, ya’ni 933,3 foizga oshgani barchamizni jiddiy xavotirga solishi tabiiy.
Kiberjinoyatlarning asosiy qismi fuqarolarning ishonchidan foydalangan holda amalga oshirilayotgani, ya’ni shaxsiy ma’lumotlarni oshkor qilish, bank kartalari rekvizitlarini berib qo‘yish, soxta havolalar orqali pul mablag‘larini o‘tkazish kabi holatlar bilan bog‘liqdir.
Shu munosabat bilan barcha fuqarolarni quyidagi qoidalarga qat’iy amal qilishga chaqiraman:
1. Shaxsiy ma’lumotlarni himoya qiling
-Bank karta raqami, amal qilish muddati, SMS-kod va parollarni hech kimga aytmang.
-Hatto o‘zini bank xodimi deb tanishtirgan shaxslarga ham ishonmang.
2. Shubhali qo‘ng‘iroq va xabarlarga ishonmang
-Noma’lum raqamlardan kelgan qo‘ng‘iroqlar va xabarlardagi takliflarga aldanmang.
-“Yutuq yutdingiz”, “kredit chiqdi”, “akkauntingiz bloklanadi” kabi gaplar ko‘pincha firibgarlik bo‘ladi.
3. Internetda xavfsizlikka amal qiling
-Faqat ishonchli sayt va ilovalardan foydalaning.
-Noma’lum havolalarga bosmang, ayniqsa Telegram va SMS orqali kelgan bo‘lsa.
4. Ijtimoiy tarmoqlarda ehtiyotkor bo‘ling
-Shaxsiy ma’lumotlaringizni ommaga oshkor qilmang.
-Sizga yaqin inson nomidan yozilayotgan shubhali xabarlarni tekshirmasdan turib pul yubormang.
5. Kiberjinoyat qurboniga aylangan holatda
-Darhol huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qiling.
-Vaqtni boy bermaslik jinoyatni ochishda muhim ahamiyatga ega.
Hurmatli fuqarolar!
Kiberjinoyatlarning oldini olish faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning emas, balki har birimizning umumiy vazifamizdir. Sizlarni hushyorlikka, axborot xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya qilishga chaqiraman.
Unutmang, ehtiyotkorlik – siz va yaqinlaringizning mol-mulkini hamda shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilishning eng samarali vositasidir.
Hurmat bilan,
Gurlan tumani prokurori Salayev Baxrom Axmatjanovich
