1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom, Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida, shuningdek, davlat xizmatlarini ko‘rsatishda “Ishonch telefonlari” xizmat bo‘linmasi faoliyatini tashkil etish, ularning ishlash tartibi, ular orqali jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushadigan murojaatlarni qabul qilish, rasmiylashtirish va ko‘rib chiqish tartibini belgilaydi.
2. “Ishonch telefoni” vazirlik Markaziy apparati Favqulodda vaziyatlarda harakat qilish va boshqarish Milliy markazi (keyingi o‘rinlarda - Milliy markaz)da o‘rnatiladi, shuningdek, vazirlikning hududiy boshqarmalari va tarkibiy tuzilmalarida ham tashkil etilishi mumkin.
3. Markaz orqali vazirlikka kelib tushayotgan murojaatlarni qabul qilish davomiyligi 20 daqiqadan oshmasligi lozim, mazkur muddat tugagandan keyin murojaat avtomatik tarzda aloqa tarmog‘idan uziladi.
4. “Ishonch telefoni” orqali murojaatlarni qabul qilish Milliy markaz tomonidan amalga oshiriladi.
5. Murojaatlarni qabul qilish va ko‘rib chiqishda jismoniy shaxslarning shaxsiy hayoti, yuridik shaxslarning faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlar ularning roziligisiz, shuningdek, davlat sirini yoxud qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma’lumotlarni, agar bu jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini kamsitadigan bo‘lsa, boshqa axborotning davlat organlari, tashkilotlar xodimlari va ularning mansabdor shaxslari tomonidan oshkor etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
6. Jismoniy va yuridik shaxs to‘g‘risidagi murojaatga taalluqli bo‘lmagan ma’lumotlarni aniqlashga yo‘l qo‘yilmaydi, murojaat muallifining roziligisiz uning shaxsiga doir biron-bir ma’lumot oshkor etilishi mumkin emas.
2-bob. “Ishonch telefonlari” xizmati bo‘linmasi faoliyatini tashkil qilish
7. “Ishonch telefoni” faoliyati amaldagi qonunchilik hujjatlariga, ushbu Nizomga, ichki reglamentlar, buyruqlar, shuningdek, axborotga oid hamkorlik qilish reglamentlariga muvofiq amalga oshiriladi.
“Ishonch telefoni” raqamlari Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan mustaqil belgilanadi va majburiy tarzda vazirlikning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
8. “Ishonch telefoni” orqali murojaatlar bo‘yicha qo‘ng‘iroqlarni qabul qilish, ish kuni va ish vaqtida, ya’ni dushanba-juma kunlari (dam olish, bayram kunlaridan tashqari) soat 09:00 dan 13:00 gacha va 14:00d an 18:00 ga qadar o‘z faoliyatini amalga oshiradi.
Vazirlikda lozim hollarda murojaatlarni sutka davomida qabul qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi mumkin.
9. “Ishonch telefoni”ning faoliyati Favqulodda vaziyatlar vazirligining “1101” qisqa raqami orqali olib boriladi.
10. “Ishonch telefoni” orqali murojaatlar butun O‘zbekiston Respublikasi hududidan qo‘ng‘iroq qilish yo‘li bilan amalga oshiriladi, shuningdek, qo‘shimcha telefon raqamlari joriy etilishi ham mumkin.
11. “Ishonch telefoni” orqali qo‘ng‘iroqlarga talab darajasida javob berish va aholining FVVga bo‘lgan ishonchini yo‘qotmaslik uchun Milliy markazning mas’ul xodimlariga xizmat vazifasidan tashqari boshqa ortiqcha vazifalar yuklanishi mumkin emas.
“Ishonch telefonlari” bilan bog‘liq murojaatlar bo‘yicha barcha boshliqlar mas’ul hisoblanib, murojaatga aniqlik kiritish, masalalarni yechish choralarini ko‘rib borishi shart.
3-bob. “Ishonch telefonlari” xizmati bo‘linmasini tashkil qilish maqsadi, asosiy vazifalar va funksiyalari
12. Favqulodda vaziyatlar vazirligida “Ishonch telefoni” quyidagi maqsadda faoliyat olib boradi:
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini qabul qilish, rasmiylashtirish, ko‘rib chiqish hamda o‘z vaqtida fuqarolarga yordam berish;
Favqulodda vaziyatlar vazirligi, hududiy boshqarmalar va tarkibiy tuzilmalarning faoliyati to‘g‘risida jamoatchilik fikrini o‘rganish;
respublika aholisining Favqulodda vaziyatlar vazirligiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, vazirlik tizimi xodimlarining ish samaradorligi va sifatini oshirish;
Favqulodda vaziyatlar vazirligining faoliyatidan kelib chiqqan holda davlat xizmatlarini, shu jumladan, elektron davlat xizmatlarini taqdim etish bilan bog‘liq axborotdan foydalanish imkoniyatlarini oshirish;
ma’lumot olish va kerakli hujjatlarni tayyorlash jarayonini tezlashtirish hisobiga aholi va tadbirkorlik subyektlarining davlat xizmatlaridan foydalanishga sarflanadigan vaqt va moliyaviy xarajatlarini kamaytirish.
13. Favqulodda vaziyatlarda boshqarish Milliy markazi, “Ishonch telefonlari”ga mas’ul bo‘linma (mas’ul xodimlari)ning asosiy vazifa va funksiyalari quyidagilar hisoblanadi:
Murojaat qiluvchilarga Favqulodda vaziyatlar vazirligining faoliyatidan kelib chiqqan holda murojaatlar bo‘yicha tushuntirish, maslahat berish va so‘rovlarni qayta ishlash;
murojaatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ro‘yxatga olish (yozma va elektron), statistik ma’lumotlarni yig‘ish va qayta ishlashni ta’minlash;
murojaat qiluvchilarning murojaatlarini taalluqliligi yuzasidan so‘rovlarini vazirlik bosh boshqarma, boshqarma, bo‘lim va xizmatlarga yo‘naltirish;
qonunchilik hujjatlariga zid kelmaydigan holatlarda so‘zlashuvlarni (va boshqa bajarilgan tranzaksiyalarni) yozish, murojaatlarni identifikatsiyalash mexanizmlaridan foydalanish;
murojaatlarni yo‘naltirish (navbatni tashkil qilish, turli identifikatsiyalovchi belgilar bo‘yicha yo‘naltirish);
qabul qilingan murojaatlar bo‘yicha mazkur nizomning 1-ilovasida keltirilgan shaklga muvofiq statistik va tahliliy hisobotlarni shakllantirish.
14. Milliy markaz xodimlari har kuni ertalab, soat 09:00da kunlik ro‘yxatga olingan murojaatlar bo‘yicha umumlashtirilgan ma’lumotni vazirlik rahbariyatiga, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo‘limiga taqdim etadi.
Milliy markaz operatorlarining ish sifatini Milliy markaz boshlig‘i nazorat qiladi.
15. Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash va ijroni nazorat qilish bo‘limi Milliy markaz orqali kelib tushgan murojaatlarni qabul qilib oladi, ro‘yxatdan o‘tkazib, ijrosini ta’minlash choralarini ko‘radi (telefon orqali tushuntirish berilgan murojaatlar bundan mustasno), hisobotini yuritadi, chorak yakunida kelib tushgan murojaatlarning o‘rganilishi bo‘yicha vazirlikning veb-saytiga (ochiq ma’lumotlar portaliga) joylashtirish uchun Matbuot xizmati va Axborot kommunikatsiya texnologiyalari, aloqa va xabar berish tizimini rivojlantirish boshqarmasiga taqdim etib boradi.
Agar ro‘yxatga olishda to‘liq ma’lumotlar bo‘lmasa, mas’ul shaxs tomonidan o‘z bilganicha yozuvlar kiritilgan hollarda, bu hakda chora ko‘rish yuzasidan rahbariyatga bildiruv beradi.
4-bob. “Ishonch telefonlari” xizmati bo‘linmasining avtomatlashtirilgan axborot tizimi
16. “Ishonch telefonlari” aholi va tadbirkorlik subyektlarining murojaatlarini qabul qilish, qayta ishlash va hisobotini yuritish imkonini beradigan avtomatlashtirilgan axborot tizimi bilan Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, aloqa va xabar berish tizimini rivojlantirish boshqarmasi tomonidan ta’minlanishi kerak.
17. Avtomatlashtirilgan axborot tizimi quyidagi asosiy quyi tizimlarga ega bo‘lishi kerak:
qo‘ng‘iroqlarni qabul qilish va qo‘ng‘iroqlarni boshqa raqamga yo‘naltirish, bir vaqtning o‘zida bir nechta qo‘ng‘iroqlarni qayta ishlash, kiruvchi qo‘ng‘iroqlar va xizmat ko‘rsatishning asosiy parametrlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni hisobga olish va saqlash uchun mo‘ljallangan qo‘ng‘iroqlarni qayta ishlash quyi tizimi;
kelib tushgan murojaatlarni mavzusi bo‘yicha ro‘yxatga olish, murojaatlarni yo‘nalishi bo‘yicha Favqulodda vaziyatlar vazirligi bosh boshqarma, boshqarma, bo‘lim va xizmatlarga yuborish, murojaatlar holatini kuzatib borish va zarur hisobotlarni shakllantirish uchun mo‘ljallangan murojaatlarni ro‘yxatga olish quyi tizimi;
murojaatlar operatorlar tomonidan boshqarilishi uchun ko‘p beriladigan savollar ro‘yxatini har oyda shakllantirish;
Favqulodda vaziyatlar vazirligining axborot tizimini boshqa idoralar axborot tizimlari bilan axborotlarning xavfsizligini ta’minlagan holda elektron hamkorlikni tashkil etish.
18. Milliy markaz orqali kelib tushayotgan murojaatlarni to‘plash va umumlashtirish uchun telefon so‘zlashuvlarini yozish funksiyasi bilan jihozlangan, lozim hollarda qo‘ng‘iroqlarni yo‘naltiradigan zamonaviy telefon apparatlaridan yoki tegishli avtomatlashtirilgan axborot tizimidan foydalaniladi, telefon so‘zlashuvlari kamida ikki oy mobaynida saqlanadi.
Murojaat qiluvchilar bilan o‘zaro ishlashda Milliy markazning mas’ul xodimlari kerakli axborotni takdim etadi yoki murojaatni vakolatli davlat organlari yoki tashkilotlarga yo‘naltiradi.
“Ishonch telefonlari” bo‘yicha Milliy markaz xodimlarining ishlash samaradorligini oshirish uchun bir nechta operatorlar guruhlari shakllantirilishi mumkin.
19. Milliy markazga - Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, aloqa va xabar berish tizimini rivojlantirish boshqarmasi tomonidan texnik xizmat ko‘rsatiladi, axborot xavfsizligini ta’minlash, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish uchun javobgar bo‘ladi.
20. Jismoniy va yuridik shaxslarning barcha murojaatlari matni elektron holda shakllantiriladi va kamida ikki yil mobaynida saqlanadi.
5-bob. “Ishonch telefonlari” faoliyatini nazorat qilish
21. “Ishonch telefonlari” faoliyatini nazorat qilish, Milliy markaz boshlig‘i, vazir o‘rinbosarlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
22. “Ishonch telefonlari” faoliyatini nazorat qilish “Ishonch telefonlari”ga tushgan murojaatlar hisoboti hamda boshqa ma’lumotlar asosida amalga oshiriladi.
6-bob. “Ishonch telefonlari” xizmati bo‘linmasi orqali murojaatlarni qabul qilish va ko‘rib chiqish tartibi
23. Milliy markaz orqali 2-ilovada keltirilgan sxemaga ko‘ra jismoniy va yuridik shaxslarning quyidagi murojaatlari qabul qilinadi:
arizalar - huquqlar, erkinliklar va qonuniy manfaatlarni amalga oshirishda yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi iltimos bayon etilgan murojaatlar;
takliflar - davlat va jamiyat faoliyatini takomillashtirishga doir tavsiyalarni o‘z ichiga olgan murojaatlar;
shikoyatlar - buzilgan huquqlar, erkinliklarini tiklash va qonuniy manfaatlarini himoya qilish to‘g‘risidagi talab bayon etilgan murojaatlar.
24. Milliy markaz orqali telefon qo‘ng‘iroqlariga javob berishda qo‘ng‘iroqni qabul qiluvchi mas’ul operator:
o‘zini tanishtirishi (o‘z familiyasi, ismi, lavozimi yoki shaxsiy raqamini aytishi);
ko‘p beriladigan savollar ro‘yxatidagi savol berilgan taqdirda, ro‘yxatdan o‘tkazmasdan o‘zi javob berishi;
qo‘ng‘iroq qilgan shaxsga uning arizalari, takliflari va shikoyatlarini qabul qilish uchun ishlashini tushuntirishi, shuningdek, qasddan yolg‘on ma’lumot taqdim etilishi qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘lishini ma’lum qilishi;
qo‘ng‘iroq qilgan shaxsga ushbu nizomning 22-bandida ko‘rsatilgan axborot va ma’lumotlarni ma’lum qilishni taklif etishi;
jismoniy va yuridik shaxslar bilan telefon orqali suhbatlashganda muomala madaniyati va odob-axloq qoidalariga rioya etgan hamda savollarga aniq, qonunchilik doirasida javob bergan holda xushmuomalalik bilan muloqot olib borishi shart.
25. “Ishonch telefonlari” orqali murojaat qilishda jismoniy va yuridik shaxslarning vakillari familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlar, o‘zlari vakil sifatida manfaatlarini ifodalayotgan tadbirkorlik subyektining nomini, javob yuboriladigan pochta manzilini, qayta bog‘lanish uchun telefon raqamini ma’lum qilishi, shuningdek, murojaatning mohiyati va mazmunini bayon qilishi shart.
26. Qo‘ng‘iroq qiluvchi shaxsdan murojaat qilish mavzusiga tegishli bo‘lmagan ma’lumotlarning so‘ralishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
27. “Ishonch telefonlari” orqali kelib tushgan murojaatlar vazirlik Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash va ijroni nazorat qilish bo‘limi xodimlari tomonidan umumlashtirilib, ijro intizomini nazorat qilish tizimida ro‘yxatdan o‘tkaziladi va ko‘rib chiqish uchun bo‘lim boshlig‘iga taqdim etiladi.
28. Ushbu nizomning 22-bandida ko‘rsatilgan axborot va ma’lumotlar takdim etilmagan murojaatlar ro‘yxatdan o‘tkazilmaydi va ko‘rib chiqilmaydi.
29. Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash va ijroni nazorat qilish bo‘limi qabul qilingan murojaatni ko‘rib chiqish uchun bir ish kuni mobaynida tarkibiy bo‘linmani tegishliligi bo‘yicha belgilaydi va o‘rganilishini nazorat qiladi.
30. Favqulodda vaziyatlar vazirligining hududiy boshqarmalari va tarkibiy tuzulmalari tomonidan qonunchilik hujjatlari talablari buzilishi aniqlangan hollarda ushbu aniqlangan qonun buzilishlari, ularning sabablari va qonun buzilishiga olib kelayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilishi shart.
31. Favqulodda vaziyatlar vazirligining hududiy boshqarmalari va tarkibiy tuzulmalari zimmasiga murojaatlarni ko‘rib chiqish vazifasi yuklangan mas’ul xodimlarning noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan shikoyatlar tushgan taqdirda, bunday murojaatlarni mazkur shaxslarning bevosita o‘zi ko‘rib chiqishi taqiqlanadi.
32. Favqulodda vaziyatlar vazirligi vakolatiga kirmaydigan masalalar bo‘yicha murojaatlar kelib tushgan taqdirda, vazirlik mas’ul xodimlari tomonidan belgilangan tartibda tushuntirish beriladi va tegishli tashkilotlarga murojaat qilish tavsiya qilinadi yoki o‘rnatilgan tartibda taalluqliligi bo‘yicha yuboriladi.
33. Murojaatlarni ko‘rib chiqish “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
34. Murojaatni ko‘rib chiqqan Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimi bo‘linmasi tomonidan murojaat muallifiga ko‘rib chiqish natijalari va qabul qilingan qarorning mazmun-mohiyati to‘g‘risida yozma (yoki elektron) shaklda xabar berishi shart.
35. Murojaat muallifiga berilgan yozma javobning nusxasi Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash va ijroni nazorat qilish bo‘limida saqlanadi.
36. Favqulodda vaziyatlar vazirligi jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarining buzilishiga olib kelayotgan sabablarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish maqsadida, belgilangan tartibda har chorakda arizalar, takliflar va shikoyatlar hisobotini yuritadi, ularni umumlashtirib, tahlil qiladi.
37. Jismoniy va yuridik shaxslar, ularning vakillari favqulodda vaziyatlar haqida murojaat qilganida, mas’ul shaxs zudlik bilan barcha choralarni ko‘rish uchun rahbariyatga ma’lum qiladi.
38. Korrupsiya bilan bog‘liq va vazirlik tizimidagi harbiy xizmatchilar hamda xizmatchilarning harakatlaridan norozi bo‘lib qilingan murojaatlar bo‘yicha rahbariyatga alohida ma’lumot beriladi.
39. Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash va ijroni nazorat qilish bo‘limi, “Ishonch telefoni” orqali kelib tushgan arizalar, takliflar va shikoyatlar bo‘yicha statistik ma’lumotlarni Favqulodda vaziyatlar vazirligining rasmiy veb-saytida joylashtirish qonunchilik hujjatlariga muvofiq, jismoniy va yuridik shaxslar to‘g‘risida olingan ma’lumotlarning maxfiyligiga doir talabga rioya qilgan holda har chorak mobaynida ta’minlab boriladi.
7-bob. Yakunlovchi qoidalar
“Ishonch telefonlari” orqali qabul qilingan axborot bilan ishlovchi shaxslar olingan ma’lumotlarning maxfiyligiga doir talabga rioya qilinishi bo‘yicha qonunchilik hujjatlariga muvofiq shaxsan javobgar bo‘ladilar.
