Qutqaruvchilarning ruhiy bardoshliligi va tezkorligi sinovdan o‘tkazildi
2025-09-19 10:10:00 / Yangiliklar
Samarqand viloyati FVB tomonidan qutqaruvchilarning kasbiy mahoratini oshirish, ularni favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri va tezkor qaror qabul qilishga tayyorlash maqsadida “Ruhiy tayyorgarlik – olovli yo‘lak” mashg‘ulotlari o‘tkazildi.

Mazkur mashg‘ulotlarda qutqaruvchilar yonayotgan inshootlardan odamlarni evakuatsiya qilish, shartli ravishda yaralanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, og‘ir sharoitlarda maxsus himoya kiyimlari bilan harakatlanish kabi amaliy topshiriqlarni bajardilar.
Olovli yo‘lakdan o‘tish jarayoni nafaqat jismoniy, balki ruhiy tayyorgarlikni ham sinovdan o‘tkazadi. Zero, bunday mashg‘ulotlar qutqaruvchilarda qo‘rquvni yengish, xavfli vaziyatlarda o‘zini yo‘qotmaslik, hamjihatlikda ishlash va tezkorlik bilan harakat qilish ko‘nikmalarini shakllantiradi.



