Favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor B.B.Kudratxodjayev Andijonda yoshlar bilan uchrashuv oʻtkazdi
2025-09-05 15:10:00 / Yangiliklar

Tadbir doirasida tizimda fidokorona xizmat qilayotgan yosh harbiy xizmatchilar va xizmatchilar, otaliqqa olingan yoshlar hamda mahalla yoshlari bir maqsadda jam boʻlishdi. Ularning koʻzida faxr, yuzida quvonch, qalbida esa katta masʼuliyat jilvalanib turardi.
Samimiy ruhda oʻtgan suhbat davomida Favqulodda vaziyatlar vaziri yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar, ulardan samarali foydalanish yoʻllari xususida toʻxtalib, oʻzining hayotiy yoʻli, kasbiy tajribalari va insoniy qadriyatlari haqida soʻzlab berdi. Har bir soʻz, har bir nasihat yosh qalblarda chuqur taassurot qoldirdi. Tadbir otaliqqa olingan yoshlar hamda mahalla yoshlari uchun qutqaruvchilar oʻz faoliyatida foydalanadigan maxsus texnikalar namoyishiga ulanib ketdi.
Yakunida faol va tashabbuskor yoshlarga esdalik sovgʻalar tantanali ravishda topshirildi. Bu eʼtirof ularning nafaqat bugungi mehnatiga, balki ertangi kuniga, yurt istiqboli uchun qilajak xizmatlariga boʻlgan yuksak ishonch ramzidir.





