Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor B.B.Kudratxodjayevning O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz toʻrt yilligi bayrami munosabati bilan tizim xodimlari hamda faxriylariga yo‘llagan bayram tabrigi
2025-08-31 08:50:00 / Yangiliklar
Eng ulug‘, eng aziz ayyom – Mustaqilligimizning o‘ttiz to‘rt yillik bayrami munosabati bilan Favqulodda vaziyatlar vazirligining barcha harbiy xizmatchilari, qutqaruvchi va xizmatchilarini, ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari hamda tinglovchi talabalarini, shuningdek, xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan xodimlarning oila a’zolarini, favqulodda vaziyatlar vazirligining faxriylarini samimiy muborakbod etaman.
Bugun yurtimizning barcha go‘shasida “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun” – degan ezgu va oliyjanob g‘oya kezib yurgan shu kunlarda istiqlol ne’matining qanchalar ulug‘ hamda qadrli ekanligi yana bir karra yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Qayd etish kerakki, o‘tgan qisqa davr mobaynida jonajon O‘zbekistonimiz suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat sifatida shakllanib, jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin egalladi, tom ma’noda, ulkan taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi.
E’tirof etish joizki, Muhtaram Prezidentimiz rahbarliklari ostida jamiyatimizning barcha jabhasida amalga oshirilayotgan jo‘shqin islohotlar jarayonida Siz – vazirligimiz tizimi vakillari ham faol ishtirok etib, xalqimiz ishonchi va e’tiborini qozonib kelmoqdasiz.
Ishonchim komil, bundan keyin ham yurtimiz aholisi va hududlarini favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, Vatanimiz tinchligi, xalqimiz xotirjamligini ta’minlash, mustaqilligimizni mustahkamlashda zimmangizdagi vazifalarni sharaf bilan uddalab borasiz.
Bu yo‘lda barchangizga mustahkam salomatlik, oilaviy farovonlik, sharafli vazifangizda omad va muvaffaqiyatlar tilaymiz.
Mustaqillik bayramingiz muborak bo‘lsin!
Vazir
general-mayor B. Kudratxodjayev
