FVV Akademiyasi kursantlari o‘rtasida “Eng yaxshi yosh kitobxon” ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi
2025-08-04 12:05:00 / Yangiliklar

Tanlovda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Ma’rifat targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi, falsafa fanlari doktori, professor, xalq deputatlari Toshkent shahri Kengashi a’zosi, “Mehnat shuhrati”ordeni, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvon sohibasi Jamila Shermuhammedova, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoira Zulfiya Mo‘minova, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Toshkent shahar hududiy Kengashi harbiy bo‘lim boshlig‘i Sarvar Ismoilov, Yoshlar ishlari agentligi mas’ul xodimi Mansur Boysariyev, taniqli shoir Sharobiddin Boltaboyev, Akademiya rahbariyati, harbiy xizmatchilar, kursantlar hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.
Qiziqarli va yuqori saviyada tashkil etilgan tanlov yakuniy natijalariga ko‘ra, 2-batalyon kursanti Jon-Muhammad Ahadov faxrli birinchi o‘rinni egallab g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rinni esa Shoxjaxon Nurullayev egallagan bo‘lsa, uchinchi o‘rin Fazliddin Adilovga nasib etdi. Tanlovda birinchi o‘rinni egallagan 2-batalyon kursanti Jon-Muhammad Ahadov Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida o‘tkaziladigan “Eng yaxshi yosh kitobxon” ko‘rik-tanloviga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Yakunda g‘olib va sovrindorlar hamda faol qatnashgan iqtidorli kursantlar O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi boshlig‘i va O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Toshkent shahar hududiy Kengashi raisining diplomi, kitoblar to‘plami va qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan tantanali taqdirlandilar.
Tanlovdan ko‘zlangan maqsad - qadimiy va betakror diyorimizdan yetishib chiqqan buyuk alloma, adib va mutafakkirlarimizning boy ma’naviy merosini, umumbashariy sivilizatsiya, madaniyat, ilm-fan taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ ajdodlarimizning noyob asarlarini asrab avaylash, kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish, ularning nodir merosini, ibratli hayoti va ijtimoiy faoliyatini har tomonlama chuqur o‘rganish va targ‘ib etish, kursantlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini keng ommalashtirishdan iboratdir.




