FVV terma jamoasi yong‘in-qutqaruv sporti xalqaro musobaqalarida rekordlarni yangiladi
2025-05-23 18:05:00 / Yangiliklar

Musobaqa yakuniga ko‘ra, shaxsiy hisobda terma jamoa a’zolari 7 ta oltin, 7 ta kumush hamda 4 ta bronza medallarini, shuningdek, 5 ta kubokni qo‘lga kiritdilar.
Shuni alohida ta’kidlab o‘tish joizki, jangovar yoyilish turida erkaklar terma jamoasi 22,84 soniya (avvalgisi 24,97 soniya) natijani, shuningdek, qizlar jamoasi 24,21 soniya (avvalgisi 26,95 soniya) natijani qayd etib, milliy rekordlarni yangilashga erishdilar.
Ma’lumot o‘rnida, jangovar yoyilish turida amaldagi jahon rekordi erkaklar jamoasi uchun 25,14 soniyani hamda ayollar jamoasi uchun 24,51 soniyani tashkil etadi.
Mazkur xalqaro turnirda Belorus, Qozog‘iston va O‘zbekiston Respublikasi hamda Rossiya Federatsiyasining yong‘in-qutqaruv sporti bo‘yicha terma jamoalari, shuningdek, Avstriya, Kamerun, Saudiya Arabiston hamda Chexiya davlatlarining vakillari ishtirok etishdi.
Ushbu xalqaro musobaqa 4 ta shart “Ishg‘ol qilish narvonida o‘quv minorasining 4-qavatiga ko‘tarilish”, “100 metrga to‘siqlar osha yugurish”, “4x100 metrlik yong‘in o‘chirish estafetasi” hamda “Jangovar yoyilish” turlari bo‘yicha o‘tkazildi.
Erkaklar o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqalarda umumjamoa hisobida faxrli 1-o‘rinni Rossiya Federatsiyasi, 2-o‘rinni Belorus Respublikasi hamda 3-o‘rinni O‘zbekiston Respublikasi terma jamoalari egalladi.
Qizlar o‘rtasida umumjamoa hisobida faxrli 1-o‘rinni Rossiya Federatsiyasi, 2-o‘rinni Belorus Respublikasi hamda 3-o‘rinni O‘zbekiston Respublikasi terma jamoalari egalladi.





