Favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor B. Kudratxodjayevning “8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni” munosabati bilan bayram tabrigi
2025-03-08 08:45:00 / Yangiliklar
Ayolga ehtirom – bu avvalo, insonga ehtirom, uning qalbidagi iymonga ehtiromdir. Ayolga hurmat va e’tibor bo‘lgan yurtdagi xonadonlarda baxtiyorlik, xotirjamlik va sokinlik bo‘ladi.
Ayol go‘zallik va nafosat, mehr-muhabbat ramzidir. Bejizga Sharqda ayolni farishtaga qiyos qilishmaydi. Chunki, farishtalar Alloh taolo yaratgan eng pok, eng begunoh zotlardir. Xalqimizning buyuk tarixida o‘zining jasorat va matonati, aql-zakovati bilan o‘chmas nom qoldirgan To‘maris, Bibixonim, Gulbadanbegim, Zebuniso, Nodirabegim, Uvaysiy, Anbar Otin va boshqa yuzlab ayollarimizni hamisha ehtirom bilan tilga olamiz. Ulug‘ momolarimizga xos oliyjanob fazilatlar bugun ham muhtaram ayollarimiz siymosida davom etib kelmoqda.
Bugungi kunda yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli demokratik islohotlar natijasida ayollarning mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy jarayonlaridagi ishtiroki tobora ortib bormoqda.
Shuni faxr bilan ta’kidlash joizki, Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimidagi xotin-qizlarimiz yigitlardan kam bo‘lmagan shijoat va matonat ko‘rsatganliklarini ko‘p bora guvohi bo‘lmoqdamiz. Faol ayollarimizning xizmatlari Muhtaram Prezidentimiz tomonlaridan doimo munosib qadrlanib, har yili ular yuksak unvon hamda davlat mukofotlari bilan taqdirlanib kelinmoqda.
Bu barchamiz uchun quvonarli hol bo‘lib, bunday muvaffaqiyatlaringiz bardavom bo‘lishini tilaymiz.
Xayrli hamda savobli maqsadni diliga tukkan fidoyilar sifatida yigitlar bilan bir safda dadil qadam tashlayotgan ekansiz, bugungidek tiniq orzular, beg‘ubor maqsadlar hamisha hamrohingiz bo‘lsin, deymiz!
Fursatdan foydalanib, Sizga va oila a’zolaringizga mustahkam salomatlik, tinchlik-xotirjamlik tilaymiz. Qalbingizdan quvonch, yuzingizdan tabassum hech qachon arimasin.
Bayramingiz yana bir bor muborak bo‘lsin!
Hurmat bilan,
Vazir general-mayor B. Kudratxodjayev
