#PRESS_TUR
2026-10-23 13:05:00 / Yangiliklar

Press-tur dasturi bir qator tadbirlarni qamrab oldi. Dastlab, Favqulodda vaziyatlar vazirligining Markaziy apparatida vazir o‘rinbosari X.Sotiyevning BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fudzii xonim bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda tomonlar aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish yo‘nalishida Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda BMTTD o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashdilar. Shuningdek, kelgusida mazkur hamkorlikni yanada kengaytirish va rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.
Shundan so‘ng, mehmonlar va ommaviy axborot vositalari vakillari uchun FVV Milliy markaziga ekskursiya tashkil etildi. Unda markazning asosiy vazifalari va funksiyalari haqida qisqacha ma’lumot berildi.
Press-turning keyingi manzili Toshkent viloyatidagi masjidlardan biri bo‘ldi. Bu yerda ishtirokchilarga sinov tariqasida ishlayotgan aholini erta ogohlantirish tizimi namoyish etildi. Mazkur tizimda minoralarga o‘rnatilgan ovoz kuchaytirgich qurilmalaridan foydalanilmoqda.
Dastur yakunida Parkent tumanidagi "Kumushkon" aholi yashash punktida maxsus-taktik o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etildi. Unda Favqulodda vaziyatlar vazirligi va boshqa tezkor xizmatlar tomonidan aholi turar joylarida zilzila, yong‘in va boshqa favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda to‘g‘ri harakatlanish bo‘yicha amaliy harakatlar bajarildi.
Amaliy mashg‘ulotlar esa mas’ul tashkilotlarning favqulodda vaziyatlarga tayyorgarligi, tezkor harakatlanishi va o‘zaro hamkorligi yuqori darajada tashkil etilganini namoyon etdi.









