Hamkorlikning yangi yo‘nalishlari: O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vaziri Azizbek Ikramov boshchiligidagi delegatsiya Belarus Respublikasiga tashrif buyurdi
2026-10-22 13:15:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 21-oktabr kuni Minsk shahriga yetib kelgan Favqulodda vaziyatlar vaziri Azizbek Ikramov hamkasblari bilan birgalikda xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlariga bag‘ishlangan yodgorlik poyiga gul qo‘ydi.
Shundan so‘ng delegatsiya Belarus Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining Fuqaro muhofazasi universitetida bo‘lib, ta’lim jarayonining tashkil etilishi va mutaxassislarni tayyorlash tizimi bilan tanishdi. Mehmonlarga multimedia xonalari, zamonaviy trenajyorlar, ixtisoslashtirilgan o‘quv auditoriyalari hamda amaliy mashg‘ulotlar maydonlari namoyish etildi. Ushbu imkoniyatlar turli favqulodda vaziyatlarni modellashtirish, ularning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga xizmat qiladi.
Tashrif dasturining navbatdagi manzili Belarus Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining «ZUBR» Respublika maxsus otryadida bo‘ldi. Vazir Azizbek Ikramovga BMTning INSARAG xalqaro standartlari asosida og‘ir toifadagi qidiruv-qutqaruv otryadi sifatida attestatsiyadan o‘tgan mazkur bo‘linmada otryadning tashkil topishi va rivojlanish bosqichlari, asosiy vazifalari, moddiy-texnik bazasi hamda zamonaviy avariya-qutqaruv texnikalari namoyish etildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi delegatsiyasi o‘quv-mashg‘ulot majmuasining imkoniyatlari bilan tanishdi. Mehmonlar uchun belaruslik qutqaruvchilarning xizmat itlari ishtirokidagi chiqishlari, maxsus texnikalar va boshqa vositalar qo‘llanilgan ko‘rgazmali namoyishlar tashkil etildi.
Shu bilan birga, dasturda Belarus atom elektr stansiyasi, Xavfsizlik bo‘yicha ta’lim markazi va boshqa qator obyektlarga tashrif buyurish ham o‘rin olgan.
Ta’kidlash joizki, ikki mamlakatning favqulodda vaziyatlar idoralari o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish va hamkorlikni rivojlantirish ishlari izchil davom ettiriladi. Kelgusida Belarus delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi ham rejalashtirilgan.









