"Volontyor-qutqaruvchi" musobaqasining Respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi
2026-10-15 15:20:00 / Yangiliklar
Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida ilk bor favqulodda vaziyatlar volontyorlari ishtirokida "Volontyor-qutqaruvchi" musobaqasining Respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda, hududiy bosqichlarda g‘olib bo‘lgan 14 ta jamoalar o‘zaro bellashdi.
Musobaqa 5 ta shart savol-javob, birinchi yordam ko‘rsatish, dor yo‘li va chodir, kross fit hamda estafeta shartlari asosida tashkil etildi.
Unda, ishtirokchilar jismoniy tayyorgarlik, jamoaviy hamkorlik va favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish bo‘yicha o‘z bilim hamda ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazdilar. Bellashuvlar davomida ular jismoniy chaqqonlik, tezkorlik, chidamlilik va muvofiqlashtirilgan holda harakat qilish qobiliyatlarini namoyon etdilar. Shuningdek, favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda to‘g‘ri qaror qabul qilish, belgilangan xavfsizlik qoidalariga rioya etish hamda jamoa bilan hamjihatlikda harakatlanish ko‘nikmalari baholandi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra:
I o‘rinni Toshkent shahar FVBBning favqulodda vaziyatlar volontyorlari jamoasi;
II o‘rinni Qoraqalpog‘iston Respublikasi FVBning favqulodda vaziyatlar volontyorlari jamoasi;
III o‘rinni Farg‘ona va Buxoro viloyatlari FVBlarining favqulodda vaziyatlar volontyorlari jamoalari egalladi.
Mazkur musobaqa aholini favqulodda vaziyatlarning oldini olish, ular yuzaga kelganda to‘g‘ri va tezkor harakat qilishga o‘rgatish, volontyorlarning amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash hamda qutqaruv ishlarida jamoaviy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi. Shuningdek, bunday tadbirlar volontyorlar safini kengaytirish va jamiyatda xavfsizlik madaniyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
