Favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi o‘rinbosari Qashqadaryo viloyatidagi bozorlarda yong‘in xavfsizligi holatini o‘rgandi
2026-10-15 09:10:00 / Yangiliklar

Favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi o‘rinbosari polkovnik S.T. Zuparov Qashqadaryo viloyatida bo‘lib, G‘uzor tumanidagi “Karvon” bozori hamda Qarshi shahridagi “Qarshi savdo majmuasi”da yong‘in xavfsizligi holatini o‘rgandi.
O‘rganishlar davomida bozorlarda yong‘in xavfsizligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan, tom qismidagi tez alangalanuvchi qurilish materiallarini demontaj qilish va ularning o‘rniga metall materiallarni o‘rnatish jarayonlari ko‘zdan kechirildi.
Shuningdek, savdo rastalarining tartibsiz joylashtirilgani tanqidiy qayd etildi. Bunday holatlar favqulodda vaziyatlarda yong‘in-qutqaruv texnikalarining erkin harakatlanishiga to‘sqinlik qilishi mumkinligi ta’kidlandi.
Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, bozorlarda yong‘in xavfsizligi talablariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash yuzasidan mas’ullarga tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.




