Navoiy shahridagi bozorlarda yong‘in xavfsizligi holati o‘rganildi
2026-10-10 10:15:00 / Yangiliklar
Favqulodda vaziyatlar vaziri o‘rinbosari polkovnik N.Kadirov boshchiligida Navoiy shahrida joylashgan “Navoiy savdo kompleks” AJga qarashli kiyim-kechak va buyum bozori, “Sahovat bozori” MCHJga qarashli markaziy dehqon bozori hamda “Darhon taraqqiyot” MCHJga qarashli qurilish mollari bozorida yong‘in xavfsizligi holati o‘rganildi.

O‘rganishlar davomida bozorlarda yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etilishi, kirish-chiqish yo‘llarining ochiqligi, evakuatsiya yo‘laklarining holati, yong‘in o‘chirish vositalari va suv manbalarining mavjudligi hamda ulardan foydalanishga tayyorligi ko‘zdan kechirildi.
Shuningdek, favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda fuqarolarni xavfsiz evakuatsiya qilish, yong‘in tarqalishining oldini olish va tezkor harakatlanish uchun zarur sharoitlar yaratilganligiga alohida e’tibor qaratildi.
O‘rganishlar yakunida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, yong‘in xavfsizligi talablariga qat’iy rioya qilish hamda bozorlarda xavfsizlik choralarini kuchaytirish yuzasidan mas’ullarga tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.




