Buxoroda “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan FVV faxriylari ishtirokida “Uch avlod uchrashuvi” va boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda
2026-09-25 14:25:00 / Yangiliklar

Tadbirlarda Favqulodda vaziyatlar vaziri o‘rinbosari, mamlakatimizning barcha hududlaridan tashrif buyurgan tizim faxriylari, yosh harbiy xizmatchilar hamda yosh favqulodda vaziyatlar volontyorlari ishtirok etmoqda.
Dastlab, faxriylar Buxoro viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga tashrif buyurib, qutqaruvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, zamonaviy texnika va jihozlar, shuningdek, xodimlarning kundalik xizmat faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Shundan so‘ng, “Uch avlod uchrashuvi” tashkil etildi. Samimiy muloqot va mazmunli suhbatlar ruhida o‘tgan uchrashuvda sohaning shakllanish va rivojlanish tarixi, bosib o‘tilgan mashaqqatli yo‘l, erishilgan yutuq va marralar, shuningdek, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar hamda istiqboldagi vazifalar xususida fikr-mulohazalar almashildi.
Uchrashuv davomida hayotiy tajriba va ibratli xotiralar yosh avlod bilan o‘rtoqlashilib, avlodlar o‘rtasidagi uzviylik, ustoz-shogird an’analari va soha faxriylariga bo‘lgan yuksak ehtirom yana bir bor namoyon bo‘ldi.
Dastur doirasida boshqarmaning hududlardagi quyi bo‘linmalari hamda Buxoroning tarixiy va madaniy obidalariga sayohatlar ham rejalashtirilgan.
Buxoroda o‘zaro hurmat, samimiy muloqot va avlodlar vorisligi ruhida o‘tayotgan madaniy-ma’rifiy tadbirlar davom etmoqda.









