Nukus shahrida Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan “Oq qush” majmuasida “Uch avlod uchrashuvi” boʻlib oʻtdi
2026-09-04 17:40:00 / Yangiliklar

Mazkur tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kenges Raisi, Favqulodda vaziyatlar vaziri oʻrinbosari, Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, Bosh prokuror oʻrinbosari, Nukus harbiy prokurori, nuroniylar, yosh avlod vakillari va Favqulodda vaziyatlar vaziriligining muddatli harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida mamlakatimizda, xususan, Orolboʻyi hududida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, inson qadrini ulugʻlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, shuningdek, avlodlar oʻrtasidagi hamjihatlik va oʻzaro hurmatni mustahkamlash borasidagi ishlar haqida soʻz yuritildi.
Yoshlar esa oʻz navbatida yurtimizda yaratilayotgan keng imkoniyatlardan unumli foydalanib, bilim va kasb-hunar egallash, Vatan ravnaqiga munosib hissa qoʻshish, tinchlik va osoyishtalikni qadrlash borasidagi oʻz fikrlarini bildirdilar.
Samimiy suhbatlar, kuy-qoʻshiq va badiiy chiqishlar bilan davom etgan tadbirda uch avlod vakillari oʻrtasida oʻzaro fikr almashildi. Ayniqsa, nuroniylarning hayotiy saboqlari va yoshlarning ezgu maqsadlari uygʻunligi tadbirga oʻzgacha ruh bagʻishladi.
Uchrashuv yakunida ishtirokchilar bunday ezgu tadbirlar avlodlar davomiyligini taʼminlash, yoshlarni Vatanga sadoqat va milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladilar.









